Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
AQSH-Xitoy savdo muzokaralari: kelishuvdan darak bormi?
13:58 / 2019-01-31

Ertaga AQSH-Xitoy savdo muzokaralari natijasi maʼlum boʻladi.


Ertaga AQSH-Xitoy savdo muzokaralari natijasi maʼlum boʻladi.

“Vesti Ekonomika”ning maʼlum qilishicha, kecha boshlangan ikki mamlakat savdo muzokaralari ertaga tugaydi. Xitoy delegatsiyasiga mamlakat Bosh vaziri oʻrinbosari Lyu Xe boshchilik qilmoqda, Amerika tomonidan Robert Laytxayzer vakil.

Ayni vaqtda ikki mamlakat oʻrtasida savdo murosasi kuzatilayotgandek. Ammo, tomonlar 1 martga qadar kelishuvga erishmasa, Vashington Xitoyning 200 milliard dollarlik tovariga bojlar miqdorini 10 foizdan 25 foizgacha oshiradi.

Hozircha, AQSH va Xitoy savdo munosabatlarida iliqlik bor, ular baʼzi masalalarda bir-biriga yon bosmoqda. Misol uchun, Xitoy Amerikadan soya sotib olishni qayta tikladi, shu kunlarda esa “Standard & Poorʼs” reyting agentligiga mamlakat reyting bozoriga kirishga ruxsat berdi. Ushbu qadam Xitoyning oʻz moliyaviy sektorlari ochiqligini kengaytirish chora-tadbirlari doirasida qoʻyildi.

Dushanba kuni Xitoy Xalq banki Pekinda “S&P Global Ratings” shuʼba firmasini roʻyxatdan oʻtkazdi. Xuddi shu kuni Xitoy institutsional investorlar assotsiatsiyasi mamlakat moliya bozorida mazkur firmaning roʻyxatga olinganini maʼqullab, banklararo obligatsiyalar bozorida obligatsiya reytinglari amaliyotlarini oʻtkazishga ruxsat berdi.

Ammo, muzokaralarga Xitoyning “Huawei” kompaniyasi moliyaviy direktori Men Vanchjou atrofida yuzaga kelgan vaziyat xavf solib turibdi. Boisi, dushanba kuni Amerika prokuraturasi uni mamlakat sanksiyalarini buzganlikda ayblab, AQSHga ekstraditsiya qilishni talab qilib chiqdi (Men Vanchjou Amerika hukumati talabi bilan 1 dekabrda Kanadada hibsga olingan edi). Muzokaralar boshlanmasdan ikki kun oldin Amerika Bosh prokurori vazifasini bajaruvchisi Metyu Uitaker AQSH “Huawei” kompaniyasi va uning moliyaviy direktoriga qoʻshimcha ayblovlarni ham eʼlon qildi.

Amerikaning CSIS instituti katta eksperti Skott Makdonaldning qayd etishicha, “Huawei” boʻyicha tergov ishlari savdo muzokaralariga rasman aloqasi boʻlmasa ham, AQSH shu hodisa orqali XXRga kelishuv jarayoni oson kechmasligiga ishora qilmoqda.

AQSHning boshqa ekspertlari fikriga koʻra, muzokaralar tarang holatda oʻtadi. Amerika tomoni AQSHga manfaatli boʻlgan shartlarga Xitoyning koʻnishi uchun turli bosim dastaklarini ishga soladi. Boshqa tomondan AQSHning ehtimoliy yon bosishi evaziga muzokaralar muvaffaqiyatli kechishi kutilmoqda.