AQSH – Xitoy: munosabat noziklashmoqda
AQSH pochta xizmati (USPS) Xitoy va Gonkongdan jo‘natma qabul qilishni vaqtincha to‘xtatdi. Kompaniya veb-saytidagi bayonotga ko‘ra, bu haqdagi tegishli hujjat “keyingi xabarga qadar” amal qiladi. Qarorning sababiga esa oydinlik kiritilmagan.
BBC yozishicha, ayni qadam Xitoydan AQSHga keladigan har qanday tovarga qo‘shimcha 10 foiz boj joriy qilingandan keyin tashlandi.
Prezident Donald Trampning farmoni 800 dollardan kam qiymatli mahsulotni boj yoki boshqa soliq to‘lamasdan mamlakatga olib kirishga ruxsat beruvchi imtiyozni bekor qildi. Bunga javoban XXR ham Amerikadan import qilinadigan ba’zi mahsulotlarga yangi tarif joriy etishini bildirdi. Ya’ni, 10 fevraldan boshlab ko‘mir va suyultirilgan gaz uchun 15 foiz yig‘im olinadi. Xom neft, qishloq xo‘jaligi texnikasi va yirik dvigatelli avtomobillar uchun ham 10 foizlik soliq to‘lanadi.
Darvoqe, Tramp yaqin kunlarda XXR raisi Si Szinpin bilan gaplashishi kutilmoqda.
Musulmon Ziyo, O‘zA