Amerika Qo‘shma Shtatlari va Xitoy vositachilar orqali savdo bo‘yicha “yumshoq muloqot” boshlashi e’lon qilindi. Bu haqda AQSH savdo vaziri Govard Lyutnik “ABC News” telekanaliga aytgan.
Uning fikricha, rasmiylar Prezident Donald Tramp va Xitoy rahbari Si Szinpin hozirgi ziddiyatni bartaraf eta olishini kutyapti.
– Hozir to‘p Trampda, u o‘yinni qay tarzda davom ettirish, Rais Si Szinpin bilan qanday muomala qilishni biladi, – deya qo‘shimcha qilgan mulozim.
O‘z navbatida Oq uy Milliy iqtisodiy kengashi direktori Kevin Xasset ham ikki davlat o‘rtasidagi savdo aloqasi muhokamasi jarayoni boshlanganini tasdiqladi.
2 aprel kuni Amerika yetakchisi boshqa mamlakatlardan kirib keladigan mahsulotlarga alohida boj joriy etib, 9 aprelda 75 dan ortiq davlatga nisbatan belgilangan yangi tarif 90 kunga to‘xtatilganini ma’lum qildi. O‘tgan hafta Xitoyga 54 foizlik to‘lov qoidasi amal qila boshladi.
Pekin bunga javoban Amerika tovarlariga 34 foizlik javob chorasini ko‘rdi. Shundan so‘ng Vashington stavkani 104, Xitoy esa 84 foizga ko‘tardi. Chorshanba kuni Tramp Xitoy uchun tarifni 125, payshanba kuni 145 foizga chiqardi. Pekinning javobi esa 125 foizni tashkil etdi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq XXR tashqi ishlar vaziri Van I “RIA Novosti” agentligiga bergan intervyusida AQSH tomonidan Xitoy mahsulotlari boji oshirilishini asossiz, deb atab, bu chora-tadbir jahon bozoriga zarar keltirayotgani, Vashingtonning o‘zida ham rahbariyat obro‘siga putur yetkazayotganini bildirdi. Shuningdek, agar Qo‘shma Shtatlar mamlakatga iqtisodiy bosimni to‘xtatmasa, kuchli javob qaytarilishidan ogohlantirdi.
S.Rahimov, O‘zA