AQSH Prezidenti Donald Tramp Venesuela qirg‘og‘i yaqinida noqonuniy savdo-sotiq bilan shug‘ullanayotgan kemaga hujum uyushtirilganini e’lon qildi. Ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida u giyohvand modda olib o‘tayotgani razvedka ma’lumotiga ko‘ra aniqlangan kemaga hujum haqida yozma va vizual tafsilot bilan bo‘lishgan.
Hujum Amerika rahbarining buyrug‘i bilan amalga oshirilgani ta’kidlangan. Ya’ni, Tramp mudofaa vaziri Pit Xegsetga halokatli kinetik zarba yo‘llashni buyurgan.
Qayd etilishcha, razvedka o‘sha kema giyohvand modda kontrabandasi bilan shug‘ullangani, noqonuniy “narkoterrorchilar” bilan aloqadorligi va ushbu tashkilot tomonidan belgilangan yo‘nalish bo‘ylab sayohat qilganini tasdiqlagan.
Voqea xalqaro suv hududida sodir bo‘lganini aytgan AQSH yetakchisi kema sahnidagi 6 kishi halok bo‘lganini ham bildirdi.
Tarqatilgan 33 soniyalik video lavhada tez harakatlanayotgan kemaga hujum natijasida alanga ko‘tarilgani aks etgan.
Ma’lumki, Tramp ko‘rsatmasi bilan Karib dengizi mintaqasi, Venesuela qirg‘og‘iga 1 ta suv osti va 7 ta harbiy kemadan iborat dengiz guruhi jo‘natilgan. Xegset esa Amerika armiyasi Venesuelada amaliyot o‘tkazish, jumladan rejim o‘zgarishiga ham tayyorligini bildirdi.
AQSH “narkotik kontrabanda” bahonasida Venesuela qirg‘og‘i yaqinidagi ba’zi kemalarni nishonga olgani Venesuela hukumati va xalqaro hamjamiyat tanqidiga sabab bo‘ldi. Ta’kidlanishicha, bunday hujum “xalqaro qonunlarga zidd”.
G.Sattorova, O‘zA