Bu haqda AQSH moliya vazirligi saytida ma’lum qilinmoqda. "Bugun “Vagner guruhi”ga nisbatan takroran sanksiya e’lon qilinmoqda. U transmilliy jinoiy tashkilot ko‘rinishidagi xorijiy tuzilma hisoblanadi", – deyiladi vazirlik matbuot xabarnomasida.
Amerika Qo‘shma Shtatlari "Vagner"ni Markaziy – Afrika Respublikasida, Mali va Ukrainada buzg‘unchilik faoliyatini yuritayotganlikda ayblamoqda.
Xabarda Vashington mazkur tuzilmaga va guruhga aloqasi bo‘lgan jismoniy shaxslarga cheklov choralari joriy qilgani aytilmoqda.
AQSH sanksiyasiga tushgan kompaniyalar orasida Rossiyaning Terra Tech va "BARL" AJ, Xitoyning Changsha Tianyi Space Science and Technology Research Institute Co. LTD va uning Lyuksemburgdagi sho‘’ba korxonasi bo‘lgan Spacety Luxembourg S.A. ham bor. Ular guruhni sun’iy yo‘ldosh orqali olingan fotosuratlar bilan ta’minlaydi, deb ta’kidlanmoqda xabarda.
Cheklov choralari ro‘yxatiga "Xalqaro xavfsizlik uchun zobitlar hamdo‘stligi" hamda AQSHning gumonicha, Markaziy Afrika Respublikasida “Vagner” nomidan harakat qilayotgan Sewa Security Services ham kiritilgan. Shuningdek, ushbu ro‘yxatda Birlashgan Arab Amirliklariga ro‘yxatdan o‘tgan Kratol Aviation aviakompaniyasi ham bor, deyiladi RIA Novosti tarqatgan xabarda.