XX asr ikkinchi yarmidan boshlab AQSH va Yevropa o‘rtasidagi munosabat xalqaro siyosatdagi eng barqaror strategik sheriklik sifatida tan olinar edi. Ikkinchi jahon urushi yakunlangandan keyin shakllangan mazkur Transatlantik hamkorlik xavfsizlik, iqtisodiyot va diplomatiya sohalarida g‘arb davlatlarining umumiy yondashuvini belgilab berdi. NATO kabi institutlar ayni jarayonda vujudga kelib, o‘nlab yil davomida G‘arb dunyosi siyosiy imoratining asosiy ustuni bo‘lib xizmat qildi.
So‘nggi yillarda xalqaro munosabatda yuzaga kelayotgan yangi geosiyosiy holat ushbu munosabatga ham ta’sir ko‘rsatmoqda. Ayniqsa, 2024-2026-yillar davomida kuzatilayotgan siyosiy, iqtisodiy va xavfsizlik bilan bog‘liq bahs-munozaralar AQSH va Yevropa o‘rtasidagi muayyan strategik qarashlarda farq paydo bo‘layotganini ko‘rsatmoqda. Bu kelishmovchilik ba’zan diplomatik tortishuv, ba’zan iqtisodiy raqobat shaklida namoyon bo‘lmoqda.
Ekspertlar fikricha, Transatlantik munosabatdagi bu yangi bosqichni bir necha omil bilan izohlash mumkin. Bir tomondan, dunyo siyosatida ko‘p qutbli tizim shakllana boshlagani G‘arb davlatlarini strategik ustuvorlik masalasini qayta ko‘rib chiqishga majburlamoqda. Ikkinchi tomondan, global iqtisodiy raqobat, texnologik ustunlik uchun kurash va yangi xavfsizlik tahdidlari ikki qudratli mintaqaning tashqi siyosiy qarorlarida tofovut paydo qilmoqda.
So‘nggi voqealar ayni jarayonni yanada kuchaytirdi. Yaqin Sharqda avj olayotgan harbiy keskinlik, xususan AQSHning ayrim ittifoqchilari bilan birga amalga oshirayotgan harbiy amaliyoti Yevropa davlatlari orasida turlicha fikr hosil qildi. Ko‘hna qit’aning qator poytaxtlarida Amerikaning harakati mintaqaviy vaziyatni yanada beqarorlashtirishi mumkinligidan xavotir uyg‘onyapti. Shu bilan birga YeI ayrim hollarda diplomatik yechimni ustuvor hisoblayotgani ham ma’lum.
Bundan tashqari iqtisodiy siyosatda ham muayyan kelishmovchilik kuzatilmoqda. AQSH tomonidan sanoatni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan yirik subsidiya dasturlari Yevropa davlatlari orasida jiddiy bahsga sabab bo‘ldi. Qit’a siyosatida bunday choralar xalqaro savdo muvozanatiga ta’sir ko‘rsatishi,sanoat uchun raqobat sharoitini murakkablashtirishi mumkinligi xususida fikrlar bildirilmoqda. Shu bois YeI o‘z sanoat siyosati va texnologiya mustaqilligini kuchaytirish masalasini kun tartibiga olib chiqdi.
Ayni payt xavfsizlik sohasidagi qarashlar ham ma’lum darajada farqlana boshladi. AQSH global xavfsizlik masalasida faol harbiy ishtirokni saqlab qolish tarafdori bo‘lib kelmoqda. Yevropa davlatlarida esa muayyan muammoni ba’zan diplomatiya mexanizmi va siyosiy muzokara orqali hal qilishga ko‘proq e’tibor qaratish fikri ilgari surilmoqda.
Qolaversa, YeI endi “strategik avtonomiya” konsepsiyasini faol muhokama qila boshladi. Mazkur g‘oya Yevropa davlatlarining xavfsizlik, texnologiya va iqtisodiyot sohalarida tashqi ta’sirdan mustaqil qaror qabul qilish imkoniyatini kengaytirishga qaratilgan. Ayrim tahlilchilar bu tendensiyani Transatlantik munosabatda yangicha muvozanat shakllanishi belgisi sifatida baholaydi.
To‘g‘ri, AQSH va Yevropa o‘rtasidagi munosabat butunlay uzilish bosqichiga yaqinlashgani yo‘q, ammo oxirgi voqealar Transatlantik sheriklik avvalgidek mutlaq muvofiqlikka asoslanmagani, balki yangi geosiyosiy sharoitda qayta shakllanayotganini ko‘rsatmoqda. Xalqaro tahlilchilar fikricha, bu jarayon kelgusi yillarda G‘arb davlatlari hamkorligi modelini ham ma’lum darajada o‘zgartirishi mumkin.
AQSH va Yevropa munosabatida kuzatilayotgan yangi ziddiyatni tushunish uchun bugungi geosiyosiy voqealarga e’tibor qaratish zarur. So‘nggi yillarda xalqaro munosabatda keskinlik kuchayib, global xavfsizlik muhiti ancha murakkablashdi. Ukrainadagi urush, Yaqin Sharqda avj olgan harbiy to‘qnashuv, energetika bozoridagi beqarorlik va texnologiya raqobati G‘arb davlatlari tashqi siyosiy strategiyasiga jiddiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Ayni jarayonda AQSH va Yevropa davlatlarining ayrim masalalarga qarashi bir-biridan farq qila boshladi.
Avvalo, xavfsizlik siyosatidagi yondashuv o‘rtasida muayyan tafovut paydo bo‘layotgani kuzatilyapti. AQSH tashqi siyosatda faol harbiy ishtirok tarafdori, global xavfsizlik tizimida ham yetakchilikni saqlab qolishga intiladi. Vashington fikricha, xalqaro nizoga nisbatan qat’iy yondashuv va harbiy bosim ayrim hollarda strategik barqarorlikni ta’minlash uchun zarur.
Rossiya – Ukraina urushi ham Transatlantik munosabatda muhim omil bo‘lib qolmoqda. Yevropa davlatlari RF bilan masofaviy yaqinlik sabab bu mojaroni o‘z xavfsizligiga bevosita tahdid sifatida qabul qiladi. AQSH esa bu jarayonda ko‘hna qit’a xavfsizligini qo‘llab-quvvatlash bilan birga, global strategiya nuqtai nazaridan ham harakat qilmoqda. Ba’zi tahlilchilar fikricha, urush uzoq davom etar ekan, Yevropa davlatlari iqtisodiy va energetik bosimni kuchliroq his qilmoqda. Natijada Vashington va Bryussel o‘rtasida muayyan siyosiy bahs yuzaga kelyapti.
Iqtisodiy sohada ham raqobat alomati namoyon bo‘la boshladi. Amerika tomonidan qabul qilingan sanoatni qo‘llab-quvvatlash dasturlari, ayniqsa yashil energetika va yuqori texnologiyalar sohasidagi subsidiyalar Yevropa davlatlari orasida jiddiy muhokamaga sabab bo‘ldi. Yevropa siyosatida bu choralar Transatlantik iqtisodiy muvozanatni o‘zgartirishi mumkinligidan xavotir uyg‘otmoqda. Shu bois YeI o‘z sanoatini himoya qilish va texnologiya mustaqilligini kuchaytirishga qaratilgan yangi iqtisodiy strategiyalar ishlab chiqmoqda.
Yana bir muhim jihat – Yevropa davlatlarida strategik muxtoriyat haqidagi muhokama kuchayishi. Mazkur tushuncha Yevropa davlatlarining xavfsizlik, iqtisodiy siyosat va texnologiya sohalarida mustaqil qaror qabul qilish imkoniyatini kengaytirishni nazarda tutadi. Ekspertlar bu tendensiyani YeIning o‘z geosiyosiy o‘rnini qayta belgilashga intilishi bilan izohlaydi. Shu bilan birga, Yevropa NATO doirasidagi hamkorlikni saqlab qolish tarafdori ekanini ham ta’kidlamoqda.
Xullas, AQSH va Yevropa o‘rtasidagi munosabat inqiroz bosqichiga kirgani haqida gapirish hali erta, biroq so‘nggi voqealar Transatlantik sheriklik avvalgidek mutlaq bir xil yondashuvga asoslanmaganini ko‘rsatmoqda. Geosiyosiy raqobat kuchaygani sari har ikki tomon o‘z milliy va mintaqaviy manfaatini aniqroq ifoda etishga urinmoqda.
Ayni payt aksariyat tahlilchilar fikricha, AQSH va Yevropa o‘rtasidagi strategik hamkorlik baribir xalqaro siyosatda muhim ahamiyatga ega bo‘lib qolaveradi. Zero, global xavfsizlik, iqtisodiy barqarorlik va xalqaro institutlar faoliyati ko‘p jihatdan aynan shu hamkorlikka bog‘liq. Demak, Transatlantik munosabatdagi bu yangi bosqichni ko‘proq qarashlar qayta ko‘rib chiqilayotgan davr sifatida baholash mumkin.
Musulmon Ziyo, O‘zA