Rossiya va AQSH vakillari 23-fevral kuni Jenevada uchrashib, yadroviy qurollarni nazorat qilish bo‘yicha kelishuvni muhokama qildi. 24-fevral kuni esa AQSH delegatsiyasi Xitoy vakillari bilan ham shunday muzokara o‘tkazishi belgilangan. Bu haqda Reuters va Fransiya axborot agentliklari AQSH Davlat departamentining yuqori lavozimli manbasiga tayanib xabar bergan.
AQSH bir vaqtning o‘zida uch davlat ishtirok etadigan “keng qamrovli kelishuv” tuzishni taklif qilmoqda.
Fevral oyida Qo‘shma Shtatlar Britaniya va Fransiya bilan ham shunday muzokaralar o‘tkazgan. Bu davlatlar ham yadroviy qurolga ega va BMT Xavfsizlik Kengashining doimiy a’zolari hisoblanadi.
Rossiyaning Jenevadagi doimiy vakili Gennadiy Gatilov Britaniya va Fransiya ham yadroviy qurollarni nazorat qilish bo‘yicha muzokaralarda ishtirok etishi kerakligini aytgan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, agar yadroviy qurollarni nazorat qilish yoki qisqartirish bo‘yicha ko‘p tomonlama muzokaralar boshlansa, Rossiya uchun Britaniya va Fransiyaning ishtirok etishi juda muhim. Chunki, bu davlatlar NATO a’zolari va AQSHning harbiy ittifoqchilari hisoblanadi. Bu fikrni Rossiya vakili Jenevada o‘tgan Qurolsizlanish konferensiyasida ma’lum qilgan.
Fransiya axborot agentligining xabar berishicha, fevral oyida AQSH aynan shu masala bo‘yicha Vashingtonda Rossiya va Xitoy bilan tayyorgarlik uchrashuvlarini o‘tkazgan. Jenevadagi muzokaralar esa avvalgilariga qaraganda ancha samarali bo‘lganligi aytiladi.
Shu bilan birga, Xitoyning qurolsizlanish masalalari bo‘yicha elchisi Shen Szyan ham fikr bildirgan. Uning aytishicha, Xitoy hozirgi bosqichda Rossiya va AQSH bilan bunday muzokaralarda ishtirok etmaydi. Bunga sabab qilib u Pekindagi yadroviy qurol zaxirasi Moskva va Vashingtonnikiga qaraganda ancha kamligini keltirgan.
Bundan tashqari, AQSH rasmiylari Xitoy yangi avlod yadroviy qurolini ishlab chiqmoqda va 2020-yilda kamida bitta yashirin yadroviy sinov o‘tkazgan bo‘lishi mumkin, deb hisoblamoqda. Xabarlarda aytilishicha, gap xitoylarning bir nechta kichik yadroviy kallakcha olib yura oladigan raketa tizimlari hamda kichik quvvatli yadroviy qurollar ishlab chiqishi haqida ketmoqda.
Shu tariqa, yadroviy qurollarni nazorat qilish va qisqartirish bo‘yicha maslahat uchrashuvlari bo‘lib o‘tmoqda. Bunda tegishli davlat rasmiylari o‘zlarining fikrlarini bildirmoqda. Biroq, bu masala bo‘yicha hali yakuniy kelishuvlarga erishilmadi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/_zaFzJwuDsg" title="AQSH va Rossiya yadroviy kelishuvni ko‘rib chiqdi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe> Kenja Bekjonov, Anvarxo‘ja Ahmedov, O‘zA