English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
AQSH va Kuba munosabatlari yaqin kelajakda qanday rivojlanishi mumkin?
15:42 / 2020-07-22

AQSH va Kuba oʻrtasida diplomatik munosabatlar oʻrnatilganiga 5 yil toʻldi.


AQSH va Kuba oʻrtasida diplomatik munosabatlar oʻrnatilganiga 5 yil toʻldi. Bu ikki davlat aloqalarini 2015-yilda prezident Barak Obama tiklagandi. Oʻshanda koʻpchilikka Vashington va Gavana sherikligining yangi asri boshlanayotgandek tuyulgandi. Afsuski, oradan besh yil oʻtgan boʻlsada, kongress tomonidan Kubaga qarshi joriy qilingan savdo embargosi haliyam amalda, Donald Tramp maʼmuriyati esa munosabatlarni yaxshilashga qaratilgan koʻpgina choralarni bekor qildi. Masalan, Kubaga havo qatnovlarini maksimal darajada cheklab qoʻydi. “RIA Novosti” axborot agentligi murojaat qilgan AQSHdagi ekspertlar fikricha, Tramp davrida AQSH va Kuba aloqalari yaxshilanmasligi aniq, vaziyat demokrat Jo Baydenning prezident boʻlib saylanishi bilan oʻzgarishi ehtimoli bor.

“AQSH va Kuba munosabatlari Tramp maʼmuriyatining ikkinchi muddatida sezilarli darajada oʻzgaradi, deb oʻylamayman. Prezident Tramp Obamaning koʻplab ijro koʻrsatmalarini toʻxtatib qoʻydi va bu bilan Kuba hukumatiga qarshi ritorikani kuchaytirib yubordi. Uning siyosati, aftidan, Floridadagi kelib chiqishi kubalik boʻlgan amerikaliklardan iborat konservativ elektorat tomonidan qoʻllab-quvvatlanishni taʼminlashga qaratilgandek”. – Bu soʻzlarni Florida Xalqaro universitetidagi Kubani oʻrganish instituti direktori Xorxe Duani aytgan.

Bu mutaxassis fikrini siyosatshunos, Texas shtatidagi Raysa universiteti huzuridagi Beyker institutida Lotin Amerikasini oʻrganish boʻyicha tashabbuslar asoschisi Erika de la Garsa ham maʼqullagan.

“Trampning ikkinchi maʼmuriyati Kuba bilan munosabatlarni yaxshilay olmaydi. Prezident Tramp oʻzi uchun mintaqadagi tashqi siyosat va umuman xalq diplomatiyasi mutlaqo ahamiyatsiz ekanini koʻrsatib qoʻydi. Ikkinchi muddat ham shundan farq qilmaydi. Uning Kubaga qarshi siyosati sovuq urush zamonidan qolgan va Floridadagi ”Kichik Gavana“ kubaliklari qiziqishlarigagina xizmat qiladi. Kuba oroli xalqiga yoki AQSHning tijoriy manfaatlariga emas”, - deb hisoblaydi de la Garsa xonim.

“Vaziyat (Tramp davridagi munosabatlardagi - tahririyat), mabodo, Gavanadagi rejimda chuqur, fundamental oʻzgarishlar yuz bermas ekan, faqat yomonlashadi”, - deydi oʻz navbatida Kubani oʻrganish instituti direktori oʻrinbosari Sebastian Arkos.

Siyosatshunos Duani Bayden “koʻp jihatdan” Obama siyosatiga qaytish, yaʼni Kubani izolyatsiya qilishdan chekinish va savdo embargosini bekor qilish, bordi-keldini yoʻlga qoʻyishga vaʼda berganini eslatdi. “Binobarin, Bayden Venesuelada Maduro hukumatini qoʻllab-quvvatlagani uchun Kubaga qarshi sanksiyalarni maʼqullashini ham bildirdi, shuningdek u kubaliklar Obama maʼmuriyati davrida “oʻz zimmalariga olishni xohlagan majburiyatlarni bajarishlari”ni ham talab qiladi”, - dedi Duani.

Uning soʻzlariga qaraganda, Bayden maʼmuriyati Kubaga nisbatan yuritiladigan siyosat boʻyicha oʻz oldiga qoʻygan boshqa maqsadlarni amalga oshirish borasida aynan nima ishlar qilishi mumkinligi, yaʼni demokratiyani ilgari surishda qanday harakatlanishi, Venesuela tufayli Kubaga bosim oʻtkazish maqsadida qanday sanksiyalarni saqlab turishi hozircha nomaʼlum.

Shu bilan birga Kuba tadqiqotlari instituti rahbari muovini Sebastian Arkos AQSH siyosatida Kubaga nisbatan munosabat borasida partiyaviy tarqoqlik pishib yetilgan, deb hisoblaydi.

“Respublikachilar va demokratlar AQSHning Kubaga nisbatan siyosati borasida hech qachon hozirgidek bir-birlaridan uzoq boʻlishmagan... Taxmin qilish mumkinki, Kuba rejimining qisqa muddat yashab qolishi AQSHdagi boʻlajak saylovlarga bogʻliq”, - dedi Arkos.

Lotin Amerikasi boʻyicha ekspert, “Whitecap Consulting Group LLC” konsalting kompaniyasi boshqaruvchi direktori Fernando Kapablanka Baydenning gipotetik maʼmuriyati senatda munosabatlarni yaxshilash toʻgʻrisidagi masala boʻyicha muxolifatga duch kelishga tayyor turishi lozimligiga eʼtibor qaratdi. “Koʻplab obroʻli senatorlar bor, ularning qarashlari, hatto, yangi maʼmuriyatda ham ustuvor boʻlishi ehtimoli mavjud”, - deb hisoblaydi Kapablanka.

Siyosatshunos Erika de la Garsa esa Baydenda Kubadan boshqa ham koʻplab muammolar yetarli boʻlishini eslatib oʻtdi.

“Bayden mamlakat ichkarisida ham bevosita oʻzi eʼtibor qaratishi talab etiladigan koʻplab tahdidlarga duch kelishi, xususan, xalqaro maydonda yanayam muhimroq munosabatlarni yaxshilash zarurati tugʻilishi mumkin. Bunday holatda Kuba roʻyxatning pastki qatorlariga tushib ketishi ehtimoli yuqori”, - deydi de la Garsa.

Siyosatshunos, Raysa universiteti Lotin Amerikasi tadqiqotlari yoʻnalishi rahbari Mark Jons Bayden saylangan taqdirda yaqinlashish va yana-da mustahkam diplomatik munosabatlar oʻrnatish choralariga qayta murojaat qilinishini “amalda avvaldan hal etib qoʻyilgan” masala, deb atadi.

“Bayden maʼmuriyatida Obama davridagiga nisbatan ancha ilgarilab ketish, yaʼni Demokratik partiya qanotidagi progressiv kuchlar oʻsib borayotganini inobatga olgan holda, Kuba bilan anchayin mustahkam va izchil aloqalar oʻrnatish salohiyati mavjud. Zero, bu partiya kommunizmga respublikachilar yoki isteblishmentdagi demokratlar singari oʻgay koʻz bilan qaramaydi”, - deya xulosa chiqaradi Jons.

Internet materiallari asosida tayyorlandi.