Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
AQSH va Kanada yahudiylari Buxoroda
15:03 / 2026-02-24

AQSH va Kanadada faoliyat yuritayotgan Buxoro yahudiylari kongressi koordinatori, “Shashmaqam Forever” xalqaro festivali prezidenti hamda “The Bukharian Times” gazetasi bosh muharriri Rafayel Nektalov boshchiligidagi nufuzli delegatsiya ko‘hna va boqiy Buxoroga tashrif bilan keldi.

Tashrif doirasida delegatsiya a’zolari viloyatdagi yahudiylar tarixi va madaniy merosi bilan bog‘liq muhim va muqaddas maskanlarda bo‘ldi. Jumladan, Buxoro yahudiylari qabristoni, tarixiy yahudiylar mahallasi hamda Kogon shahrida joylashgan qadimiy sinagoga ziyorat qilindi. Ushbu ob’ektlarning bugungi holati, ularni saqlash, asrab-avaylash, ilmiy asosda restavratsiya qilish, shuningdek, kelgusida xalqaro loyihalar doirasida rivojlantirish masalalari atroflicha muhokama etildi.

Muloqotlar chog‘ida tarixiy yodgorliklarni muhofaza qilish, ularni zamonaviy talablar asosida qayta tiklash, madaniy merosni kelajak avlodlarga sog‘lom holda yetkazish, shu bilan birga bu ob’ektlarni madaniy turizm yo‘nalishlariga integratsiya qilish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Delegatsiya a’zolari Buxoro yahudiylari merosi nafaqat mahalliy, balki jahon sivilizatsiyasi tarixining muhim tarkibiy qismi ekanini ta’kidlab, uni asrash umuminsoniy qadriyat ekanini qayd etdi.

Shuningdek, mehmonlar Buxoroning mashhur tarixiy obidalari – Ark qal’asi va Sitorayi Mohi Xosa saroyini ham ziyorat qilib, shaharning ko‘p asrlik tarixi, boy madaniy qatlamlari, me’moriy an’analari hamda davlatchilik rivojida tutgan o‘rni bilan yaqindan tanishdi. Sayohat davomida mehmonlar Buxoroning Sharq sivilizatsiyasidagi o‘rni, bag‘rikenglik va turli millat hamda din vakillarining asrlar davomida birga yashab kelganligiga alohida e’tibor qaratdi.

Bo‘lib o‘tgan uchrashuv va muloqotlarda kelgusida diaspora bilan hamkorlikni yanada kuchaytirish, qo‘shma madaniy, ta’limiy va ilmiy loyihalarni amalga oshirish, xalqaro festival va forumlar tashkil etish, tarixiy merosni jahon jamoatchiligiga keng targ‘ib qilish masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, Buxoro yahudiylari tarixi va madaniyatini o‘rganishga qaratilgan ilmiy tadqiqotlar, arxiv hujjatlarini o‘rganish va elektron platformalar orqali keng jamoatchilikka yetkazish kabi tashabbuslar ham ilgari surildi.

Zarif Komilov,  

O‘zA muxbiri