AQSH va Koreya Respublikasi "Freedom Shield 2025" (Erkinlik qalqoni-2025) harbiy mashg‘ulotini boshladi. Ushbu tadbir ikki davlat mudofaa qobiliyatini mustahkamlash va Shimoliy Koreya tomonidan kelayotgan mintaqaviy tahdidga qarshi chora ko‘rish maqsadini ko‘zlagan.
“Yonhap” agentligi xabar berishicha, 10-21 mart kunlari bo‘lib o‘tadigan mashq armiyalar hamkorligini kuchaytiradi. Janubiy Koreyaning 19 000 ga yaqin askari simulyatsion trenajyor mashg‘uloti, harbiy mashq va 16 xil yirik dala amaliyotida ishtirok etadi.
“Anadolu” yozishicha, bu Donald Tramp Prezident lavozimiga kirishgandan keyingi ilk yirik qo‘shma harbiy mashg‘ulotdir.
Shimoliy Koreya Markaziy telegraf agentligi (KCNA) xabar berishicha, KXDR Tashqi ishlar vazirligi mazkur tadbirni “xavfli tahdid va tajovuzkorlik akti” sifatida baholadi.
— Rasmiy bayonotda kuch ishlatish bundan-da jiddiy xavfsizlik inqirozini yuzaga keltirishi mumkinligi ta’kidlangan, — deyiladi KCNA xabarida. Ayni tajovuzkor harakat Koreya yarim orolida harbiy to‘qnashuvga olib kelishi mumkin.