Isroil moliya vaziri Betsalel Smotrich ko‘chmas mulk sohasidagi jozibadorligini nazarda tutib, G‘azoni “oltin koni”ga qiyosladi. U Isroil kelajakda hududni taqsimlash va rivojlantirish maqsadida AQSH bilan muzokara olib borayotganini ham inkor etmadi. Bu haqda dunyoning yetakchi axborot agentliklari mulozimdan iqtibos keltirgan holda yozgan.
Isroil tomoni bunday xabarlarni haqiqatdan yiroq, ya’ni uydirma sifatida talqin qildi. Shundan so‘ng dunyo OAV mazkur ma’lumotlar chinligini isbotlovchi dalillar keltirilgan xabarlar tarqatdi. Shu bois e’tiboringizni matbuotda urchigan, ayni payt muhokamaga sabab bo‘layotgan axborotlarga qaratamiz.
– Bu urushga juda ko‘p mablag‘ sarfladik, – degan Smotrich. – Endi yerni qanday ulushda taqsimlashni ko‘rib chiqishimiz kerak. Vayronagarchilik, ya’ni buzish shaharni yangilashning birinchi bosqichi edi. Bu ishni amalga oshirdik. Endi faqat qurish qoldi.
Ta’kidlanishicha, jang tugagach anklav Isroil va AQSH o‘rtasida qanday taqsimlanishi masalasi allaqachon muhokama qilingan. Shuningdek, vazir isroillik yirik tadbirkorlar tomonidan sektor qamrab olinishi bo‘yicha AQSH Prezidentiga o‘z biznes-rejalarini taqdim qilganini ham eslatdi. Aniqrog‘i, Trampning stolida eng kuchli profesionallar ishlab chiqqan biznes reja borligini aytdi. Darhaqiqat, “The Washington Post” nashrida bu borada e’lon qilingan reja G‘azoni qayta qurish bo‘yicha maxsus takliflarni qamrab olgan. Ya’ni, anklav nazorati kamida 10 yil AQSHda bo‘ladi, G‘azo aholisi vaqtincha ko‘chiriladi. Taklif qilingan reja Amerika va Isroil tomonidan qo‘llab quvvatlangan. Shuningdek, G‘azoda 6-8 ta “aqlli shahar” qurish, ko‘chmas mulk huquqini o‘zgartirish choralari ham ko‘zda tutilgan. Shu bilan birga arab davlatlari ham o‘z rejasini ilgari surgani ma’lum: masalan, Misr, BAA va Falastin ma’muriyati G‘azo uchun texnokrat hukumat tuzish, arab tinchlik kuchlarini joylashtirish va moliyaviy hamkorlikka asoslangan rejalar tuzishni taklif qilgan. Isroil va AQSH bu taklifni rad etgan. Yodingizda bo‘lsa, 16 sentyabr kuni Isroil hukumati G‘azo shahrini bosib olish uchun quruqlikdan harbiy amaliyot boshladi. Hujum keng miqyosli havo zarbalari bilan hamohang amalga oshirildi. Isroil Mudofaa vazirligi bu haqda “Armiya HAMASni to‘liq yengib, garovdagilarni ozod qilmaguncha, zarbalar to‘xtatmaydi” dedi. Binobarin, kuni kecha Prezident Tramp G‘azo sektoriga hujumni to‘xtatishga chaqirdi. Harakat ham AQSH tayyorlagan mintaqaviy tinchlik rejasining ba’zi bandlarini qabul qilgani aytilyapti. Shuningdek, Isroilga tirik va halok bo‘lgan garovdagilar qaytarilishi bo‘yicha va’da berilgan. Afsuski, HAMAS hozircha Trampning qurolsizlanish va anklavdan chiqib ketish talabiga rozi bo‘lgani yo‘q.
“Axios” portali ma’lumotiga ko‘ra, mazkur amaliyot shu paytgacha Amerika tomonidan qo‘llab-quvvatlangan. Davlat kotibi Marko Rubio oldinroq HAMASda otashkesim shartiga rozi bo‘lish uchun vaqt juda oz qolganini aytgandi. Tabiiyki, u Trampning urushni to‘xtatish rejasidan boxabar.
Xabaringiz bor, BMT komissiyasi Tel-Avivning G‘azoga nisbatan harakatlarini genotsid, deya baholadi. Komissiya raisi Navi Pilley ta’kidlashicha, Isroil nafaqat ushbu jinoyatlarning oldini olish, balki bunday harakatni amalga oshirganlarni jazolash mas’uliyatdan ham qochyapti.
Hukumat, jumladan moliya vazirining G‘azodagi egallangan hududlarni taqsimlash yoki qayta qurish haqidagi rejasi ommaga ayon bo‘lgach, Isroil tomonidan holat turlicha talqin qilina boshlandi. Masalan, “Bu gap uydirma, Isroil hukumati pozitsiyasini ifodalamaydi” singari bahonalar bilan suvdan quruq chiqishga urinish bor.
Bunga javoban, hatto, Smotrich yuqoridagi bayonotini qayerda va qachon bergani yuzasidan dalil keltirildi. Masalan, o‘tgan yil 5 dekabr kuni Tel-Avivda bo‘lib o‘tgan sammitda u hududni boshqarish va manzildan investitsiya ob’ekti sifatida foydalanish haqida ochiq gapirgan. Shuningdek, 8 yanvar kuni ijtimoiy tarmoq orqali uzatilgan jonli efir payti shunday degan:
– G‘azo sektorida fuqarolik boshqaruvini Isroil o‘z zimmasiga olishi kerak. Biz u yerda juda uzoq vaqt qolishimiz lozim.
E’tibor berilsa, “Isroil G‘azoni boshqarishi kerak” mazmunidagi yondashuv ilgari surilayotgani, hech qanday “davlatlararo bo‘lib olish” haqida ochiq aytilmasa-da, anneksiya yoki hududni bir tomonlama egallash nazarda tutilgani ayon.
Vazir “taqsimlash” masalasi AQSH bilan bevosita muhokama qilinayotganini bildirgan. Ya’ni, urushdan so‘ng G‘azoni investitsiya va qurilish maydoni sifatida rivojlantirish rejasi bor. Bunday bayonotlar sektorni falastinliklarga qaytarish emas, balki qaytadan o‘zlashtirish niyatidan dalolat.
Isroil harbiy harakatlarini asosan o‘zini himoya qilish, terrorizmga qarshi kurash sifatida ko‘rsatmoqchi bo‘ladi. Mamlakatning yuqori darajali rasmiylari “G‘azoni taqsimlash”, “buzib qayta qurish”, “oltin koni” kabi iboralarni ochiq ifodalashi ochiqdan-ochiq o‘z aybini tan olish bo‘ladi va BMT hamda xalqaro sudlardagi ayblovni kuchaytiradi. Natijada Isroilga qarshi sanksiya qo‘llanishi, salbiy siyosiy oqibatlar yuzaga chiqishi mumkin. Shu sababli, matbuotda bunday bayonotlar ochiq berilmaydi. “Shaxsiy fikr” yoki “noma’lum manba”ning gapi sifatida sizdiriladi.
Darvoqe, Betsalel Smotrich singari siyosatchilar o‘ta radikal qarashga ega shaxs sifatida qabul qilinadi. Bunday odamlarning gaplari, hatto, Isroilning ichida ham bahs-munozaraga sabab bo‘ladi.
Masalan, hukumatning ayrim a’zolari, deylik, Netanyaxu boshqa siyosiy yo‘l tutib, muvayyan bayonotni “hukumat pozitsiyasi emas” deya ko‘rsatishga harakat qiladi. Siyosatshunoslar bildirishicha, pozitsiya bunday o‘ynoqi uslubda bayon etilishi yoki go‘yo, ahamiyatsiz tarzda talqin etilishi davlatning siyosiy barqarorligini saqlash maqsadini ifodalaydi. Garchi, ko‘zlangan reja aniq bo‘lsa-da, har ehtimolga qarshi, shu yo‘l bilan mas’uliyatdan qochiladi. Hukumatga qarashli matbuot esa bu gaplarni yopish yoki yumshatish bilan, go‘yoki, yuz berishi mumkin bo‘lgan sisiy-iqtisodiy xatarning oldini oladi.
Agar rasmiylar G‘azoni bo‘lib olish yoki anneksiya haqida ochiq gapirsa, bu Xalqaro gumanitar huquqni buzish sifatida baholanadi va genotsid, okkupatsiya, jinoyatga sheriklik kabi ayblovlarga asos bo‘ladi. Matbuot buni anglab, “rad etish” orqali davlatni yuridik muhofazada ushlashga harakat qiladi.
Xullas, Isroil matbuoti ayrim bayonotlarni inkor qilishini real siyosiy, huquqiy va xalqaro oqibatni yumshatishga qaratilgan harakat, deb hisoblash mumkin. Hukumat matbuoti qanchalik yashirishga yoki ma’lumot yolg‘onligiga ishontirishga urinmasin, bunday bayonotlar radikal siyosatchilar tomonidan aytilib, matbuotdan mustaqil ravishda dunyoga tarqalmoqda.
<iframe width="640" height="480" src="https://www.youtube.com/embed/E8ePtpxvccY?si=1mWQ3CJRdYZ_zUUM" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Kenja Bekjonov,
O‘zA sharhlovchisi