AQSH va Hindiston birga qiruvchi samolyot uchun motor ishlab chiqaradi
Hindiston tez orada o‘z hududida qiruvchi samolyot uchun dvigatel ishlab chiqarish bo‘yicha AQSH bilan bitim imzolashi mumkin, deb xabar tarqatdi “Bloomberg”.
Ma’lumotga ko‘ra, gap Amerikadagi “General Electric” kompaniyasi bilan Hindistonning “Hindustan Aeronautics Limited” korporatsiyasi hamkorligida reaktiv dvigatel ishlab chiqarish haqida bormoqda. Ushbu quvvat agregati Hindistonning “Tejas” yengil jangovar samolyotiga o‘rnatiladi.
Agentlik ta’kidlashicha, tomonlar Hindiston Bosh vaziri Narendra Modining kelasi haftaga mo‘ljallangan Vashingtonga tashrifi chog‘ida shu haqda kelishib olishi mumkin. Keyin ushbu qaror Kongress tomonidan ma’qullanishi kerak.
Modi AQSHga safari chog‘ida Prezident Jo Bayden bilan uchrashadi. Tashrif davomida ikki mamlakat o‘rtasida turli sohalarda sheriklikni kuchaytirish masalasi muhokama etiladi.