AQSH Ukrainadan Fors ko‘rfazi davlatlarini Eronning “Shahid” dronlaridan himoya qilishda yordam so‘radi. Bu haqda Prezident Vladimir Zelenskiy ma’lum qilgan, deb yozdi BBC.
Yetakchi Ukraina bu masalada muayyan yordamga tayyorligini bildirib, mutaxassislar va zarur vositalar taqdim etish bo‘yicha ko‘rsatma berganini aytdi. Shuningdek, bu ko‘mak mamlakat mudofaa qobiliyatini zaiflashtirmasligi, Kiyev uchun diplomatik foyda keltirishi zarurligi ta’kidlangan.

Ukraina rahbari ayrim holatlarda dronlarni yo‘q qiluvchi tizim AQSHning “Patriot” havo mudofaasi raketalariga almashtirilishi imkoniyatini ham tilga olgan. Kiyev tomoni bu Ukrainaga Rossiyaning ballistik raketalaridan himoyalanishda yordam berishi mumkin, deb hisoblaydi.
Yaqin Sharqdagi urush tufayli Ukrainada ham xavotir kuchaygan. Tahlilchilar G‘arb davlatlari e’tibori boshqa mojaroga burilishi Kiyevni qo‘llash jarayoniga ta’sir qilishi mumkin. Qolaversa, neft narxi oshishi RF iqtisodiyotiga qo‘shimcha daromad keltiradi.
Umuman, Zelenskiy bu vaziyatdan diplomatik imkoniyat sifatida foydalanishga intilayotgani aniq. U Birlashgan Arab Amirliklari, Qatar, Bahrayn, Iordaniya va Kuvayt rahbarlari bilan muloqot qilib, ularga harbiy bazalar va fuqarolik infratuzilmasini dron hujumidan himoyalashda amaliy yordam taklif qilgan.
Ma’lumki, Ukraina bir necha yildan beri Rossiya tomonidan qo‘llanayotgan "Shahid" dronlari hujumiga qarshi kurashish bo‘yicha yetarli tajriba to‘plagan. Ukraina mudofaa sanoati vakillari qayd etishicha, mamlakat zarur bo‘lganda oyiga 10 000 donagacha dronni yo‘q qiluvchi qurilma ishlab chiqarish imkoniga ega.
Musulmon Ziyo, O‘zA