Abu-Dabida AQSH, Ukraina va Rossiya o‘rtasida urushni to‘xtatish bo‘yicha tinchlik muzokaralari davom etmoqda. Uch tomonlama o‘tayotgan muzokaralarda asosiy e’tibor Donbassning kelajagiga qaratilgan, deb xabar berdi Evronews.
Juma kuni boshlangan va bugun ham davom etayotgan muzokaralarni Oq uy samarali deb atadi. BAA Tashqi ishlar vazirligi esa bu uchrashuvlar inqirozni siyosiy yo‘l bilan hal etishga qaratilgan sa’y-harakatlarning bir qismi ekanini ta’kidladi.
Zelenskiy ukrainalik vakillar unga deyarli har soat axborot berib turayotganini aytdi. “Bu juda muhim, chunki bunday uch tomonlama uchrashuvlar ancha vaqtdan beri bo‘lmagan”, - dedi u ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilingan videomurojaatida.
Asosiy muammolar saqlanib qolayotgani va natija noaniq ekaniga qaramay, ayrim kuzatuvchilar bu uchrashuvni kelishuv sari qadam sifatida baholamoqda.

Moskva bu uchrashuv va vakillar haqida ma’lumot berib, uni “xavfsizlik masalalari bo‘yicha ishchi guruh” deb atadi. Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov Ukraina qo‘shinlarining Donbassdan chiqarilishi Rossiya uchun “muhim shart” bo‘lib qolishini aytdi va boshqa “nozik jihatlar” ham muhokama qilinayotganini, biroq bu jihatlarning qanday ekanligiga aniqlik kiritmadi.
Vashington Stiv Uitkoff va Jared Kushner Abu-Dabida bo‘lib o‘tayotgan muzokaralarda AQSH Quruqlik qo‘shinlari vaziri Den Driskoll hamda NATOning oliy harbiy qo‘mondoni, AQSH Harbiy-havo kuchlari generali Aleksus Grinkevich bilan birga ishtirok etishini tasdiqladi. Ukraina tomonidan esa Milliy xavfsizlik va mudofaa kengashi rahbari Rustem Umerov, Bosh shtab boshlig‘i Andrey Gnatov va Prezident ofisi rahbari Kirill Budanov qatnashmoqda. Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskovning aytishicha, admiral Igor Kostyukov boshchiligidagi Rossiya delegatsiyasi harbiy amaldorlardan iborat.
Shu bilan birga, payshanba kuni AQSH prezidenti Donald Trampning vakillari Uitkoff va Kushner Moskvada Rossiya prezidenti Vladimir Putin tomonidan qabul qilindi. Ular Ukrainadagi vaziyatni bartaraf etish masalasini muhokama qilishdi.
Juma tongigacha davom etgan muzokaralar chog‘ida Kreml har qanday tinchlik kelishuvi Rossiya tomonidan egallab olingan, ammo to‘liq nazorat qilinmayotgan sharqiy hududlardan qo‘shinlarni chiqarishni talab qilishini bildirdi.
Kenja Bekjonov, O‘zA