Qo‘shma Shtatlar Tramp yo‘nalishi loyihasi (TRIPP)ni amalga oshirish uchun Armaniston-Amerika qo‘shma korxonasi "TRIPP Development Company"ning nazorat ulushini oladi. Bu haqda Davlat departamenti matbuot xizmati Davlat kotibi Marko Rubio va Armaniston tashqi ishlar vaziri Ararat Mirzoyan o‘rtasida Vashingtonda kechgan uchrashuvdan so‘ng qo‘shma bayonot e’lon qildi.
Qo‘shma Shtatlar yuqorida aytib o‘tilgan shirkatdagi ulushning 74 foiziga, Armaniston esa 26 foiziga egalik qiladi. Yerevanning hissasi keyinchalik 49 foizgacha yetishi mumkin. "TRIPP Development Company" transport infratuzilmasini rivojlantirish huquqini 49 yil muddatga oladi, keyin kelishuv 50 yilga uzaytirilishi mumkin.
Ta’kidlanishicha, TRIPP “Armaniston ichidagi muayyan tranzit yo‘nalishlari doirasida, kelajakda batafsil bayon qilinadigan joylarda, Armanistonning barcha loyiha hududlari ustidan to‘liq suvereniteti saqlab qolingan holda ishlab chiqilishi” kerak.
Tomonlar bayonotiga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlar loyihani Janubiy Kavkazda tinchlikni mustahkamlash, savdoni kengaytirish va ta’minot zanjiri barqarorligini mustahkamlash, jumladan muhim mineral va xom ashyolarni qo‘lga kiritish vositasi sifatida ko‘ryapti. Shuningdek, mazkur tashabbus Amerika sarmoyasi va biznesi uchun yangi bozorlar ochish, Yevropa va Osiyo o‘rtasida qo‘shimcha savdo yo‘llari yaratishni ko‘zda tutadi.
Armaniston uchun TRIPP “mintaqaviy tranzit va iqtisodiy markaz sifatidagi maqomini mustahkamlash, xorijiy investitsiya jalb qilish, eksport salohiyatini kengaytirish va yangi ish o‘rinlari yaratish imkoniyati” sifatida e’tirof etilmoqda. Shuningdek, qo‘shma korxonalar, texnologiyalar transferi va mahalliy mutaxassislar uchun malaka oshirishni rivojlantirish rejasi ham bor.
O‘tgan yil 8 avgust kuni Vashingtonda Prezident Donald Tramp bilan uch tomonlama uchrashuvdan so‘ng Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan va Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev Boku va Yerevan o‘rtasida tinchlik o‘rnatib, umumiy transport yo‘lagini yaratish bo‘yicha qo‘shma deklaratsiyani imzolagandi.
S.Rahimov, O‘zA