AQSH harbiylari Tinch okeanida giyohvand modda tashiyotgani gumon qilingan kemaga zarba berdi. Natijada uch kishi hayotdan ko‘z yumdi.
– Bu ikki kun ichida amalga oshirilgan ikkinchi havo hujumi, – deya bayonot berdi mudofaa vaziri Pit Xegset. – So‘nggi bir oy 9 ta shubhali kema nishonga olindi. Avvalgi zarbalar Karib dengizi tomon yo‘naltirilgandi, bu gal “jang maydoni” Tinch okeaniga ko‘chdi. Ular shunchaki kontrabandachi emas, balki narkotik terrorchilar va shaharlarimizga o‘lim olib kelishmoqda. Endi urush har kuni davom etadi.

Mamlakat mudofaa vazirligi e’lon qilgan video lavhada bomba tekkan kema yonib ketgani, takroriy zarba suvdagi qoldiqni ham portlatgani aks etgan. Prezident Donald Tramp esa AQSH xalqaro suv hududida zarba berish uchun to‘liq huquqqa egaligini da’vo qilmoqda.
– Agar bu amaliyot quruqlikka ko‘chsa, albatta Kongress bilan masalahatlashamiz, – dedi u Oq uyda jurnalistlar bilan suhbat chog‘i. – Qo‘shma Shtatlar “aksil-narko” operatsiya ko‘lamini kengaytirishga to‘liq tayyor.

Darhaqiqat, AQSH va Kolumbiya o‘rtasidagi taranglik kuchaymoqda. Tramp Kolumbiya Prezidenti Gustavo Petroni “giyohvandlik yetakchisi” deb atab, unga qarshi “keskin choralar” bilan tahdid qildi.
Mutaxassislar fikricha, Kolumbiya va Ekvadorning Tinch okeani bo‘yidagi hududlari kokainning AQSHga kirib kelishidagi asosiy yo‘nalish bo‘lib qolmoqda.
Hozircha hujum tufayli halok bo‘lganlarning shaxsi yoki ularga tegishli bo‘lgan narkotarmoq haqida ma’lumot berilmadi.
Musulmon Ziyo, O‘zA