"TikTok" AQSHda faoliyatini davom ettirish imkonini beradigan muhim kelishuvga erishilganini e’lon qildi. Bitim Vashington va Pekin o‘rtasida bir necha yildan buyon davom etib kelayotgan qarama-qarshilikka yakun yasadi.
Ma’lumki, Donald Tramp prezidentligi birinchi davrida boshlangan bu tortishuv jarayonida milliy xavfsizlik bilan bog‘liq xavotir sabab "TikTok"ni AQSHda taqiqlashga urinib ko‘rilgan, biroq reja amalga oshmagan.
Avvaliga, tarmoqning xitoylik egasi — "ByteDance" kompaniyasi AQSHdagi faoliyatini amerikalik investorlar qo‘liga topshirmasa, ilova 2025 yil yanvar oyida taqiqlanishi belgilangan edi. Negadir, Tramp bu qonun ijrosini bir necha bor kechiktirdi.
"TikTok"ning foydalanuvchilarga kontent tavsiya qiluvchi kuchli algoritmi kelishmovchilikning asosiy sababi sifatida e’tirof etilgan. Endi ushbu algoritm amerikaliklar tomonidan litsenziya asosida boshqariladi va faqat AQSH foydalanuvchilari ma’lumoti asosida ishlaydi.
Mutaxassislar bu o‘zgarish tarmoq faoliyatiga ta’sir ko‘rsatishini taxmin qilyapti. Binobarin, bu yangilik ilovadan foydalanayotgan 200 million amerikalik foydalanuvchiga aynan qanday ta’sir ko‘rsatishi hozircha aniq emas.
F.Yaxshiboyeva, O‘zA