Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
AQSH – Tayvan munosabatlari mintaqaviy vaziyatga qanday ta’sir qilmoqda?
11:47 / 2026-01-02

Yaqinda Xitoy xalq ozodlik armiyasi (XXOA) Sharqiy harbiy okrugi Tayvan oroli atrofidagi suv va havo hududida rejalashtirilgan harbiy mashg‘ulot o‘tkazdi. Harbiy kemalar va aviatsiya kuchlari ishtirok etgan bu amaliyot dengiz va havo makonida o‘zaro muvofiqlashuv, xavfsizlikni ta’minlash hamda mudofaa imkoniyatini sinovdan o‘tkazishga qaratilgani ta’kidlangan. Mazkur jarayon XXOA mintaqaviy barqarorlik va milliy xavfsizlik masalasiga alohida e’tibor qaratishidan ham dalolat, deb yozdi “China Daily” nashri.

O‘tgan yil dekabr oyi boshida AQSH Tayvanga 11,1 milliard dollarlik qurol-yaroq savdosi bo‘yicha kelishuvni ma’qulladi. Bu miqdor avvalgi yillar bilan taqqoslaganda anchagina yuqori ko‘rsatkich bo‘lib, “Javelin” tankka qarshi raketalari hamda “Himars” raketa tizimini o‘z ichiga olgan. Rasmiy izohga ko‘ra, qurollar Tayvan mudofaa salohiyatini mustahkamlaydi.

Tahlilchilar fikricha, AQSHning Tayvan bilan harbiy-texnik hamkorligi bo‘g‘ozlararo munosabat asnosida baholanmoqda. Ayrim ekspertlar bunday kelishuv mintaqadagi o‘zaro ishonch muhitiga ma’lum darajada ta’sir ko‘rsatishi mumkinligini taxmin qilmoqda.

Lay Ching-Te rahbarligidagi Tayvan ma’muriyati xavfsizlik va mudofaa masalasiga alohida e’tibor berish, tashqi hamkorlikni kengaytirish tarafdori ekanini aytib keladi. Ta’kidlanishicha, ayni yondashuv orol xavfsizligini ta’minlaydi. Binobarin, ayrim doiralarda bunday siyosat bo‘g‘ozlararo munosabatni yanada murakkablashtirishi mumkinligi haqidagi fikrlar ham mavjud.

AQSH bilan munosabat doirasida faqat harbiy yo‘nalish emas, balki iqtisodiy va texnologik sohalar ham muhokama qilinmoqda. Xususan, chip ishlab chiqarish, savdo boji va investitsiyaning Tayvan iqtisodiyotiga ta’siri borasida ham turli qarashlar yangramoqda. Aksar kuzatuvchilar ma’muriyat oldidagi asosiy vazifa xavfsizlik, iqtisodiy barqarorlik va aholi farovonligi bilan bog‘liq muvozanatni saqlashdan iboratligiga urg‘u beradi. Ushbu jarayonda jamoatchilik fikri va mintaqaviy barqarorlik omili muhim ahamiyat kasb etadi. Shu nuqtai nazardan bo‘g‘ozlararo vaziyatga oid har qanday harbiy yoki siyosiy qadam ehtiyotkorlikni taqozo etishi, muloqot va diplomatik mexanizmga ustuvor ahamiyat berilishi zarur.

Musulmon Ziyo, O‘zA