French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
AQSH taklif qilayotgan “Koreya modeli” Ukrainaga ma’qul keladimi?
15:08 / 2025-12-12

“The Washington Post” nashri Amerika va Ukraina rasmiylariga tayanib, prezident Donald Tramp tomonidan Ukraina uchun taklif qilingan tinchlik rejasining muhokama qilinayotgan ayrim bandlarini e’lon qildi.

Loyihaga ko‘ra, Janubiy va Shimoliy Koreyani ajratib turuvchi hududga o‘xshash qurolsizlantirilgan zona shimoli-sharqdagi Donetsk viloyatidan janubdagi Zaporoje va Xersongacha bo‘lgan butun sulh chizig‘i bo‘ylab tashkil etiladi. 

Ekspertlar fikricha, Ukraina 2027 yildayoq Yevropa Ittifoqiga qo‘shilishi mumkin, bu esa savdo va investitsiyalarni osonlashtiradi. Tramp ma’muriyati bunga qarshi chiqayotgan Vengriyani ko‘ndirishga umid qilmoqda.

AQSH Ukrainaga NATOning xavfsizlik kafolatlarini berishi mumkin. Hozirda ukrain qo‘shinlari sonini 600 mingdan 800 minggacha oshirish bo‘yicha AQSHning dastlabki taklifi muhokama qilinmoqda.

Maqolada yozilishicha, Rossiya – Ukraina ziddiyati bo‘yicha kelishuvning eng bahsli va “muqarrar” jihati hududiy masalalar bo‘lib qolmoqda. 

– Tramp prezident Zelenskiy va uning yevropalik ittifoqchilariga qattiq bosim o‘tkazib, hamma narsani barbod qilishi mumkin, natijada ular “dahshatli” xarajatga qaramay, jangni davom ettirishga qaror qilishadi. Hozir Tramp Ukraina va Yevropani kelishuvga rozi bo‘lishga majburlash o‘rniga ularni tinchlantirishi kerak, - deya ta’kidlaydi muallif. 

Oq uy rahbari vaziyatni sharhlab, yechim tez orada “topilishi” mumkinligiga ishonch bildirgan. U hozirgi bu masalani Buyuk Britaniya, Fransiya va Germaniyadan kelgan hamkasblari bilan ancha “qat’iy” tarzda muhokama qilayotganini bildirgan. 

Xabarlarda ta’kidlanishicha, Yevropa yetakchilari Trampga joriy hafta oxirida Ukraina prezidenti Zelenskiy bilan uchrashish uchun Yevropaga kelishni taklif qilgan. 

– Biz ularning bergan javoblariga asoslanib qaror qabul qilamiz, vaqtni behuda sarflashni istamaymiz, - dedi Qo‘shma Shtatlar yetakchisi.

“Sky News” telekanali ma’lum qilishicha,  Ukrainadagi tinchlik muzokaralarida unchalik katta yutuqlarga erishilmayapti va Rossiya prezidenti Putin mojaroni hal qilishga emas, balki uni yanada kengaytirishga tayyorgarlik ko‘rmoqda. 

Siyosatshunoslar fikricha, Kreml o‘z harbiy amaliyotlarini sekinlashtirishga intilayotganining belgilari yo‘qligi nizo Ukrainadan tashqariga tarqalishi ehtimolini oshiradi. 

– Putinning mamlakat qurolli kuchlarini kuchaytirishda davom etayotgani RFning mojaroni tinch yo‘l bilan tugatish niyatida emasligi, balki shunchaki yangi hujum boshlashdan oldin tanaffus qilayotganining aniq belgisidir, - deyiladi maqolada.

Ta’kidlanishicha, Yevropadagi keyingi qadamlar Ukrainaga taklif qilingan tinchlik kelishuviga bog‘liq. 

– Ukraina uchun eng maqbul yechim – tomonlar manfaatlari o‘rtasidagi adolatli muvozanatga asoslangan kelishuv bo‘ladi, bu yerda mamlakat suvereniteti Yevropa va Qo‘shma Shtatlarning ishonchli xavfsizlik shartlari bilan kafolatlanadi. Biroq bu variant amalga oshishi uchun NATO mamlakatlari o‘z qurolli kuchlarini jangovar holatga keltirishlari va Ukrainani himoya qilish qat’iyatini namoyish etishlari kerak bo‘ladi, - deya xulosa qiladi muallif.

S.Rahimov, O‘zA