AQSH Sudanda davom etayotgan qurolli mojaroni bartaraf etish maqsadida Tinchlik kengashini jarayonga jalb qilishni rejalashtirmoqda. TASS axborot agentligi xabar berishicha, amerikalik diplomatlar avvalo gumanitar sulhni tezkor o‘rnatish va joriy yil mart oyiga qadar harbiy harakatlarni to‘liq to‘xtatish taklifini kiritgan.
Manbalarga ko‘ra, ishlab chiqilayotgan tashabbus Sudan Qurolli kuchlari va xavfsizlik tizimida ko‘p yildan beri muhokama qilinayotgan islohot amalga oshirish masalasini ham nazarda tutadi. Qolaversa, mamlakatning siyosiy va harbiy hayotidan ekstremistik unsurlar, jumladan ayrim islomiy guruhlarni chetlashtirish muhim shartlardan biri sifatida ko‘rsatilgan.
Ta’kidlanishicha, tashabbusni Misr, Birlashgan Arab Amirliklari va Saudiya Arabistoni qo‘llab-quvvatlagan. Davlat kotibi Marko Rubio o‘tgan hafta mazkur davlatlar vakillari bilan tegishli diplomatik sa’y-harakatni muvofiqlashtirish yuzasidan muzokara o‘tkazgan.
Sudan qurolli mojarosi 2023 yil aprel oyida Suveren kengash raisi, armiya qo‘mondoni Abdul Fattoh al-Burxon hamda Tezkor aralashuv kuchlari rahbari Muhammad Hamdan Dagalo o‘rtasidagi ziddiyat ortidan boshlangan.
To‘qnashuvlar oqibatida hozirgacha kamida 40 000 kishi halok bo‘lgan, qariyb 14 million aholi uy-joyini tark etgan, millionlab odam ocharchilik xavfi ostida qolmoqda.
F.Yaxshiboyeva, O‘zA