AQSH ma’muriyati hisob-kitobiga ko‘ra, hukumat faoliyati to‘xtab qolishi har hafta yalpi ichki mahsulot taxminan 15 milliard dollar kamayishiga olib keladi. Bu haqda “Politico” nashri manbalarga tayanib yozgan.
Prezident Trampning iqtisodiy maslahatchilari agar ushbu vaziyat bir oy davom etsa, ishsizlar soni 43 000 ko‘payishi, iste’mol xarajati esa 30 milliard dollar qisqarishi mumkinligini taxmin qilishgan. Bu tahlilda haliyam taxminan 1,9 million federal xodim ishdan bo‘shatilishi yoki maoshsiz ishlashi hisobga olinmagan.
Oq uy yordamchilari respublikachilarga yuboriladigan hujjat ularning hukumat yopilishiga munosabatini shakllantirishga qaratilganini ta’kidlagan.
Xalqaro valyuta jamg‘armasi aloqalar bo‘yicha direktori Juli Kozak fikricha, mamlakat iqtisodiyotiga salbiy ta’sir darajasi “shatdaun”ning davomiyligidan kelib chiqadi.
– Ta’sir ko‘p jihatdan yopilish muddati va shartiga bog‘liq, – degan mulozim jurnalistlarga brifingda. – Federal hukumat to‘liq moliyalashtirilishi ta’minlanadigan murosa yo‘li topilishiga umid qilamiz, albatta.
AQSH tarixida byudjet tasdiqlanmagani ortidan hukumat faoliyati uzilishi tez-tez kuzatiladi. 1977 yildan buyon ma’muriyat va Kongress o‘rtasidagi kelishmovchilik tufayli federal hukumatni moliyalashtirish 20 martadan ko‘p to‘xtab qolgan. Eng uzoq muddat 2018 yil 22 dekabrdan 2019 yil 25-yanvargacha – 35 kun cho‘zilgan. Qizig‘i, o‘shanda ham Tramp hokimiyat tepasida edi.
S.Rahimov, O‘zA