Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
AQSH Savdo vazirligi dasturi doirasida oʻzbekistonlik mutaxassislar uchun malaka oshirish kurslarini tashkil etish muhokama qilindi
13:58 / 2020-09-11

Oʻzbekistonning AQSHdagi elchisi Javlon Vahobov ushbu davlat savdo vazirligining “SABIT” dasturi direktori Treysi Rollinz bilan videokonferensiya shaklida muzokara oʻtkazdi.


Oʻzbekistonning AQSHdagi elchisi Javlon Vahobov ushbu davlat savdo vazirligining “SABIT” dasturi direktori Treysi Rollinz bilan videokonferensiya shaklida muzokara oʻtkazdi.

Unda “SABIT” dasturi doirasida mehnat bozorida talab yuqori boʻlgan kasblar boʻyicha oʻzbekistonlik mutaxassislar malakasini oshirish istiqbollari va AQSHda tadbirkorlik asoslari yuzasidan muhokamalar olib borildi.

“SABIT” AQSHdagi xorijiy mutaxassislar uchun oʻquv dasturi sifatida ishlab chiqilgan. Bugungi kunga qadar Yevroosiyo va boshqa mintaqalardan deyarli 7 ming nafar rahbar va tadqiqotchi dasturni muvaffaqiyatli yakunladi. Dastur talabalarga AQSH sanoat sektori va uning meʼyoriy-huquqiy hujjatlari bilan tanishish, ishbilarmonlik aloqalarini oʻrnatish, innovatsion texnologiyalar, ilgʻor uskunalar va bozor sharoitida tadbirkorlik asoslari toʻgʻrisida yangi bilimlarni olish imkoniyatini beradi.

Dasturda Oʻzbekistonning 200 dan ortiq vakili ishtirok etdi. 2020-yilda agrobiznes, infratuzilma, sogʻliqni saqlash va chiqindilarni boshqarish kabi sohalarda 7 ta dasturni amalga oshirish koʻzda tutilgan edi. Ammo koronavirus pandemiyasi bilan bogʻliq vaziyat sabab ikkita – “Agrobiznes innovatsiyasi va samaradorligi” va “Yoʻl qurilishi” mavzularidagi dasturlar amalga oshirildi. Ushbu dasturlarning har birida Oʻzbekistondan ikkitadan mutaxassis qatnashdi.

Uchrashuv chogʻida Amerika vakillariga talab qilinadigan kasblar boʻyicha mahalliy mutaxassislarning tashqi mehnat bozoriga muvaffaqiyatli moslashishi uchun Oʻzbekiston hukumati tomonidan ular malakalarini oshirishga qaratilgan saʼy-harakatlar haqida maʼlumot berildi. Xalqaro talablarga muvofiq malakali va tilni yaxshi biladigan mutaxassislarni tayyorlash zarurligi ham taʼkidlandi.

“SABIT” dasturi rahbari Oʻzbekistonning Rossiya, Qozogʻiston, Turkiya, Yaponiya va Birlashgan Arab Amirliklari bilan mehnat migratsiyasi boʻyicha xalqaro shartnomalar imzolashini, shuningdek, byudjeti 10 million AQSH dollaridan ortiq boʻlgan chet elda ishlayotgan fuqarolarni qoʻllab-quvvatlash uchun alohida jamgʻarma yaratilishini mamnuniyat bilan qayd etdi.

Shu nuqtayi nazardan AQSH Savdo vazirligi vakili elchixonaning “SABIT” dasturi boʻyicha oʻzbekistonlik mutaxassislar uchun axborot texnologiyalari, qurilish, qishloq xoʻjaligi, oziq-ovqat mahsulotlarini qayta ishlash, sogʻliqni saqlash, erkin iqtisodiy va erkin savdo zonalarini boshqarish kabi yoʻnalishlarda treninglar tashkil etish taklifini qoʻllab-quvvatladi.

Treysi Rollinzning aytishicha, “SABIT” amaliyoti davomida ixtisoslashgan tarmoq boʻyicha oʻqitishga, Gʻarb menejmenti tushunchalari va bozor iqtisodiyoti tamoyillarini oʻrganishga eʼtibor qaratiladi. Taʼlim mavzularini tanlash ishtirokchilar hukumatlari soʻrovi doirasida Amerika rivojlanishining asosiy yoʻnalishlariga, Amerika kompaniyalarining chet el stajyorlarini qabul qilishga tayyorligiga, shuningdek, AQSHning har bir mamlakat uchun tashqi iqtisodiy ustuvorligiga qarab, Davlat departamenti tomonidan belgilanadi. Nomzodlarni yollash maʼlum bir mamlakatning savdo palatalari va uyushmalari yordamida, shuningdek, ijtimoiy tarmoqlarda eʼlon qilingan eʼlonlarga muvofiq amalga oshiriladi.

“SABIT” dasturi direktorining soʻzlariga koʻra, oʻquvlarni pandemiya bilan bogʻliq vaziyatni inobatga olgan holda videokonferensiya shaklida oʻtkazish ishlari olib borilmoqda, bu yerda nafaqat tanlangan dastur ishtirokchilari, balki davlat va xususiy sektor mutaxassislari ham taklif qilinadi.

Muzokaralar natijasida AQSH Davlat departamenti tomonidan “SABIT” doirasida respublikamiz uchun ajratilgan byudjetni oshirish va oʻzbekistonlik mutaxassislar uchun alohida mashgʻulotlar hamda kurslarni tashkil etish, shuningdek, goʻsht va sut mahsulotlarini ishlab chiqarish, chiqindilarni boshqarish, shoshilinch tez yordam xizmatlari, aeroportlarni rivojlantirish, oziq-ovqat mahsulotlarini qayta ishlash va qadoqlash kabi sohalarda oʻzbekistonlik mutaxassislarni “SABIT” treninglariga jalb qilish maqsadida qoʻshma chora-tadbirlarni qabul qilish boʻyicha kelishuvlarga erishildi.

Oʻzbekistonning AQSHdagi elchixonasi Matbuot xizmati