So‘nggi paytlarda AQSH bilan uning Yaqin Sharqdagi eng yaqin ittifoqchisi hisoblangan Saudiya Arabistoni munosabatlarida ayrim murakkabliklar ko‘zga tashlanmoqda.
Neft qazib olish masalasida Saudiya Arabistoni tutayotgan siyosat AQSH va Yevroittifoqni tashvishga solmoqda.
RIA Novostining yozishicha, yaqinda amerikalik qonunshunoslar tomonidan senat va vakillar palatasiga Saudiya Arabistoniga Amerikada ishlab chiqarilgan qurollar eksportini to‘xtatish bo‘yicha qonun loyihasi taqdim etiladi. Agentlikning ta’kidlashicha Politico gazetasida Konnektikut shtatidan senator-demokrat Richard Blyumental va Kaliforniya shtatidan kongressmen-demokrat Ro Xanni muaallifligida maqola e’lon qilindi.
Maqolada, jumladan, shunday deyiladi: "Biz seshanba kuni AQSH senati va vakillar palatasiga ikki palatali qonun loyihasini taqdim etamiz, unda Amerikada ishlab chiqarilayotgan qurollarning Saudiya Arabistoniga eksportini zudlik bilan to‘xtatish ko‘zda tutilgan".
Mualliflarning ta’kidlashicha, bugungi kunda Saudiya Arabistoni mudofaa masalasida AQSH qurollariga kuchli bog‘langani bois qurollarining katta qismini Amerikadan sotib oladi. Saudiya podshohligi mahalliy mudofaa sanoatini tashkil etishda ham amerikalik kompaniyalar bilan yirik qo‘shma korxonalar orqali bog‘langan.
"Ushbu qo‘shma korxonalarning xususiyati hamda Saudiya Arabistonining hozirgi qurol-aslahalari tizimi boshqa xorijiy mamlakatlar qurollari tizimiga mos kelmasligi bois ularni boshqa mamlakatlar qurollari bilan almashtirib bo‘lmasligi hisobga olinadigan bo‘lsa, saudiyaliklar ushbu taqdim etilayotgan qonun loyihasiga qarshi AQSH bilan muzokaralar stoliga o‘tirishdan boshqa biror-bir chorasi qolmaydi", - deb yozmoqda mualliflar.
Mualliflar o‘zlarining ushbu tashabbuslarini Saudiya Arabistonining Rossiya bilan kelishib olganiga qarshi javob ekanini aytishmoqda.
"Saudiya Arabistoni OPEK+ uchrashuvida neft qazib olishni kuniga 2 million barrelga qisqartirishga qaror qilib Rossiya bilan kelishib olgan va shu yo‘l bilan gaz narxini Rossiya foydasiga oshirgan", - deya izoh bermoqda qonun loyihasi mualliflari.
Avvalroq OPEK+ noyabr oyida kunlik qazib olinadigan neft miqdorini 2 million barrelga qisqartirishga qaror qilgan edi. OPEK+ esa ushbu qarorini jahon iqtisodiyoti va neft bozoridagi mavhumlik tufayli shunday qarorga kelganini ma’lum qilgandi.
Neft masalasida Saudiya Arabistoni tutgan yo‘li boshqa nashrlarni ham e’tiborsiz qoldirmayapti. Masalan, Washington Post gazetasi Saudiya Arabistonining OPEK+ kelishuvi doirasida neft qazib olishni qisqartirishga qaror qilgani Rossiyaning Ukrainada maxsus harbiy amaliyot olib borishiga yordam beradi, deb yozdi.
Gazetaning ta’kidlashicha, Ar-Riyod va Fors ko‘rfazi mamlakatlarining ushbu kelishuvi Moskva foydasi uchun xizmat qiladi, chunki Rossiya energoresurlar narxi oshishidan manfaatdor.
"Ushbu harakatlar nafaqat AQSH va Yevropa uchun iqtisodiy xavf tug‘diradi, balki dekabrda kuchga kirishi kerak bo‘lgan Rossiyaning neft eksportiga cheklangan narx belgilash jarayonini ham qiyinlashtiradi. Bularning barchasi Rossiyaga Ukrainada maxsus harbiy amaliyot o‘tkazishiga yordam beradi", – deyiladi xabarda.
Maqola mualliflarining fikricha, OPEK+ a’zolarining qarori ularning Moskva tomonga og‘ayotganini, shuningdek, AQSH prezidenti Jo Bayden shahzoda Muhammad bin Salmon Ol Saudni neft qazib olishni ko‘paytirishga ko‘ndira olmaganini bildiradi.
"Bu Baydenning hozirgi siyosatidagi muvaffaqiyatsizlik bo‘lib, Amerika Qo‘shma Shtatlari va uning ittifoqchilariga bir yo‘la bir necha jabhada zarba bo‘ldi", – deb yozmoqda Washington Post gazetasi.
S.Rahimov, O‘zA