AQSH qo‘shinlari Afg‘onistonni tark etgandan keyin toliblar hokimiyatni egallab olishi mumkin
AQSH razvedka xizmati prezident Jo Baydenga agar xorijiy qo‘shinlar Afg‘onistonni tark etsa, “Tolibon” harakati bir-ikki yilda mamlakatning katta qismida o‘z nazoratini o‘rnatadi, deb ma’lum qildi, deb yozadi New York Times gazetasi.
Xabarda ta’kidlanishicha, voqealarning bunday rivojlanishi Afg‘onistonda "Al-Qoida" terrorchilik guruhining yana kuchayishiga sabab bo‘lishi mumkin.
Bundan avvalroq AQSH prezidenti Jo Bayden jurnalistlarga Vashington "taktik sabablarga" ko‘ra, o‘z armiyasini Qatar muzokaralarida kelishilganidek 1 maygacha Afg‘onistondan olib chiqib ketishi murakkab masala ekanini ta’kidlagan edi. Toliblar esa ushbu kelishuvga sodiq ekanini ta’kidlab, Oq uy kelishuvni buzadigan bo‘lsa, Afg‘onistonda urushning davom ettirilishiga javobgarlik amerikaliklar zimmasiga yuklanishini ma’lum qildi.