Rossiya-Ukraina
Xitoy G20 sammiti yakuniy hujjatini kelishuv chog‘ida Ukraina ziddiyatiga oid masala bo‘yicha qarashini yumshatdi, deb ma’lum qildi “Bloomberg” agentligi Fransiya hukumatidagi oliy martabali manbasiga tayanib.
Qayd etilishicha, sammit kommyunikesidagi ayni shu bandni Rossiya va Hindiston qo‘llab quvvatlamagan.
Janubiy Afrika Respublikasi tashqi ishlar vaziri Mauru Viyeyra Ukrainadagi vaziyat bo‘yicha Braziliya rahbariyatining tinchlik tashabbusi ijobiy samara beradi, deb hisoblaydi.
Uning ta’kidlashicha, “katta yigirmalik” sammitida Ukrainadagi vaziyatga oid qarama-qarshi fikrga ega davlatlar rahbarlari ishtirok etadi, bu esa ziddiyatni hal etish uchun yangi takliflar ishlab chiqiladigan “qulay maydon”dir.
AQSH Prezidenti Jo Bayden yaqin orada ukrainalik hamkasbi Vladimir Zelenskiy bilan uchrashishga umid bildirdi. Bu haqda Davlat kotibi Entoni Blinken bayonot berdi.
Ikki rahbar uchrashuvi BMT Bosh assambleyasining sentyabr oyidagi sessiyasi doirasida kechishi mumkin, deya xabar berdi “TASS” agentligi.
Kiyevdagi uchrashuv chog‘ida Zelenskiy Blinkenga Ukraina Qurolli kuchlarining uzoq masofaga otuvchi qurollar, artilleriya, zirhli transport vositalari va havo hujumidan mudofaa tizimiga nisbatan ehtiyoj bo‘yicha ro‘yxat taqdim etgan.
Avvalroq Davlat kotibi Vashingtonning Kiyevga qo‘shimcha bir milliard dollar miqdorida yordam ajratish va’dasini bergan edi:
“Biz ilk bor sanksiyaga tushgan rossiyalik oligarxlar aktivlarini Ukrainaga beramiz, bu mablag‘lar ukrainalik faxriylarni qo‘llashga yo‘naltiriladi”.
Davlat departamenti gap 5,4 million dollar haqida ketayotganini ochiqlagan.
Fransiya Ukrainaga Tuluza shahridagi “Delair” kompaniyasida ishlab chiqarilgan 150 dan ziyod uchuvchisiz uchoq yetkazib berishni boshlagan. Bu haqda respublika quroli kuchlar vaziri Sebastyan Lekornyu ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida ma’lum qilgan.
Bugungacha Parij Kiyevga o‘zi yurar “Caesar” artilleriya uskunasi, “Crotale” majmuasi, zirhli avtomobil, yengil g‘ildirakli “AMX-10 RC” tanki, tankka qarshi “Milan” raketasi, ko‘chma “Mistral” raketa uskunasi va boshqa turli harbiy anjom yetkazib bergan.
Amerikaning sobiq razvedkachisi va BMT inspektori Skott Ritter “Rumble” platformasidagi chiqishida AQSH harbiy qo‘mondonligi Rossiya bilan keskin nizo kelib chiqishiga yo‘l qo‘ymaydi, dedi.
Uning aytishicha, harbiy qo‘mondonlik Rossiya va AQSH o‘rtasidagi ziddiyat qanday oqibatga olib kelishi mumkinligini yaxshi biladi.
“Qizg‘in urush bo‘lmaydi, generallar jangda g‘alaba qozonib bo‘lmasligini bilishadi”, deya qo‘shimcha qildi u.
- Rossiya mudofaa sanoati majmuasi yuqori aniqlikdagi qurollar uchun ehtiyot qismlar taqchilligi tobora ortib borayotganini tan olmoqda, deya ma’lum qildi Amerikaning Urushni tadqiq qilish instituti.
Ukraina Mudofaa vazirligi razvedka bosh boshqarmasi vakili Andrey Yusov ta’kidlashicha, Rossiya bir oyda faqat o‘nlab qanotli “Kalibr” raketalari va oz miqdorda “Iskander” majmuasi uchun raketa ishlab chiqarishi mumkin.
“Bu bilan Moskva 2022 yildagi darajada zaxiraga ega bo‘lolmaydi”, degan u. Vakil qo‘shimcha qilishicha, Rossiya zamonaviy optik uskunalar, elektronika, chip va sxema sotib olishda ham qiyinchilikka duch kelmoqda.
Abror XON, O‘zA