AQSHning Yuta shtatiga qarashli “Deseret News” saytida O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi rektori, Xalqaro ICESCO tashkiloti ijroiya kengashi a’zosi Muzaffar Komilovning “O‘zbekistondan Yutagacha: din va ijtimoiy hamjihatlik saboqlari” nomli maqolasi e’lon qilindi.
Mazkur nashr keyingi yillarda O‘zbekiston – AQSH strategik sherikligi jadal rivojlanayotgani, jumladan mamlakatimizning Yuta shtati bilan turli sohalardagi sherikligi izchil tus olganiga e’tibor qaratgan.

Yutada din jamiyat hayotidagi barqarorlik va birdamlikni ta’minlovchi asosiy kuchlardan biri sifatida e’tirof etildi. Bu yerda din faqat ibodat emas, balki insonning hayot tarzi, jamiyatdagi munosabatlar va ma’naviy muhitning muhim qismiga aylangan. Din mahalliy urf-odat va qadriyatlar bilan uyg‘unlashib, odamlarni birlashtiradi, aholida o‘zaro yordam va mas’uliyat tuyg‘usini mustahkamlaydi.
Shu jihatdan mazkur tajriba jahon miqyosida ham alohida qiziqish uyg‘otadi. Zero, iqtisodiy muvaffaqiyat ma’naviy-axloqiy ustuvorlik bilan uyg‘un holda namoyon bo‘layotgan jamiyatda barqarorlik va farovonlik tabiiy holga aylanadi.

Yuta tajribasi davlat va din o‘rtasidagi munosabatlarda muvozanat va o‘zaro hurmat tamoyillarining mukammal namunasidir. Bu shtatda davlat va diniy tashkilotlar o‘rtasida aniq chegara mavjud, shu bilan birga bir-birining vazifasiga aralashmasdan, yagona maqsad – inson farovonligi va jamiyat barqarorligi yo‘lida qadam tashlaydi.
Bu munosabatlar asosida bir muhim haqiqat yotadi: din va davlat raqib emas, balki inson uchun birgalikda xizmat qiladigan ikki qanotdir.

Xususan, maqola muallifi Yuta va Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot yo‘li bir umumiy haqiqatni tasdiqlashi, ya’ni din nafaqat ibodat, balki ma’rifat, insonparvarlik va ijtimoiy barqarorlik manbai ham ekaniga urg‘u berilgan. Darhaqiqat, yurtimizda ham davlat ushbu sohaga aralashmasdan, dinning ijtimoiy hayotdagi ijobiy ahamiyatini qo‘llab-quvvatlashi ta’kidlangan.

O‘zbekistonda Islom sivilizatsiyasi markazi, shuningdek Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy va Bahouddin Naqshband ilmiy markazlari tashkil etilgani, bu muassasalar nafaqat diniy bilimlarni targ‘ib qilishi, balki millatning ma’naviy o‘zligini mustahkamlashga ham xizmat qilishi ochib berilgan.
G‘.Xonnazarov, O‘zA