AQSH prezidenti Donald Tramp boshchiligidagi ma’muriyat Milliy aeronavtika va fazoni tadqiq qilish boshqarmasi — NASA uchun ajratiladigan mablag‘larni keskin qisqartirishni taklif qilmoqda. Bu haqda Bloomberg nashri xabar berdi.
Oq uy tomonidan taqdim etilgan rejaga ko‘ra, NASA ilmiy dasturlariga ajratilgan byudjet 50 foizga — 3,9 milliard dollargacha kamaytiriladi. Bu taklif federal xarajatlarni kamaytirish strategiyasi doirasida ilgari surilgan bo‘lib, mutaxassislar tomonidan agentlik tarixidagi eng past moliyalashtirish darajalaridan biri sifatida baholanmoqda. Byudjet qisqarishi NASAning 40 dan ortiq ilmiy missiyasi va tadqiqot loyihasining yopilishiga olib kelishi mumkin. Bu holat fazoni o‘rganish, iqlim o‘zgarishini kuzatish va ilg‘or texnologiyalarni rivojlantirish borasidagi ishlarga jiddiy putur yetkazadi.
NASA nafaqat AQSH, balki butun insoniyat uchun muhim ilmiy va strategik agentlik bo‘lib qolmoqda. U Oy va Marsga uchish, Yer orbitasida sun’iy yo‘ldosh tizimlari yaratish va iqlim monitoringi kabi loyihalarda yetakchi o‘rin tutadi. Bloomberg manbalariga ko‘ra, Tramp ma’muriyatining bu qarori NASAni barqaror rahbariyatsiz, aniq strategiyasiz va kuchli global raqobatchilar — jumladan, Xitoy bilan raqobatlasha olmaydigan holatga tushiradi. NASA kelajakda insoniyatning fazodagi rolini belgilab berishi mumkin bo‘lgan missiyalar ustida ish olib bormoqda. Byudjetning keskin qisqarishi esa bu rejalarning kechikishiga yoki to‘xtab qolishiga olib kelishi mumkin.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/qvDBqQZW3I8" title="AQSH NASA ilmiy dasturlarini qisqartirmoqchi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Madinabonu Nasriyeva, Anvarxo‘ja Ahmedov (video), O‘zA