Qo‘shma Shtatlar harbiylari Venesuela qirg‘oqlari yaqinida noqonuniy narkotik moddalarni tashuvchi kemaga zarba berib, 11 kishini o‘ldirdi, deb yozmoqda “Reuters” axborot agentligi.
Keyinroq, Donald Tramp o‘zining “Truth Social” platformasida dron yordamida portlatilgan qayiqning tasvirlarini baham ko‘rdi.
Trampning aytishicha, ekipajda AQSH fevral oyida terrorchilik guruhi deb e’lon qilgan “Tren de Aragua” a’zolari bo‘lgan.
Qiziq jihati, Venesuela aloqa vaziri Freddi Nanes ijtimoiy tarmoqdagi postida AQSH yetakchisi tomonidan taqdim etilgan video sun’iy intellekt yordamida tayyorlanganini ta’kidladi.

Pentagon hozircha bortda qanday giyohvand moddalar bo‘lgani, uning miqdori va zarba qanday amalga oshirilgani haqida aniq ma’lumot bermadi.
Xorijiy OAVda yozilishicha, AQSHning ekipaj a’zolarini qo‘lga olish o‘rniga Karib dengizi orqali suzayotgan “noma’lum” kemani portlatishi juda noodatiy va bu holat bir vaqtlar Qo‘shma Shtatlarning jangari guruhlarga qarshi kurashi haqidagi xotiralarni uyg‘otadi.
– Giyohvand moddalarni olib o‘tishda gumon qilinish o‘lim jazosini o‘z ichiga olmaydi, - dedi Lotin Amerikasi bo‘yicha Vashington byurosining mudofaa nazorati bo‘yicha rahbari Adam Isakson.
Avvalroq, “Reuters” Pentagondagi manbasiga tayanib, AQSH harbiy-dengiz kuchlari narkotik kartellariga qarshi kurashga qaratilgan operatsiyalarni o‘tkazish uchun Venesuela qirg‘oqlari yaqinidagi Karib dengizining janubiy qismiga uchta harbiy bo‘linma jo‘natgani haqida xabar bergandi.
“The New York Times” gazetasining yozishicha, Tramp yashirincha Lotin Amerikasi narkokartellariga qarshi harbiy kuch ishlatish bo‘yicha ko‘rsatmani imzolagan.
– Ushbu giyohvand moddalar Trinidad yoki Karib havzasidagi boshqa davlatga yo‘llangan bo‘lishi mumkin, -dedi AQSH Davlat kotibiMarko Rubio jurnalistlar bilan suhbatda.
O‘.Alimov, O‘zA