Qo‘shma Shtatlar prezidenti ma’muriyati xorijlik muhojirlarning ayrim toifalari uchun mamlakatda ishlashga ruxsat beruvchi qoidalarni qat’iylashtirmoqda.
Unga ko‘ra, AQSHda qonuniy himoyaga ega bo‘lgan qochqinlar va boshqa immigrantlar uchun ishlash ruxsatnomalarining amal qilish muddati qisqartiriladi. Bu qoidalar o‘lkada boshpana yoki doimiy yashash uchun arizalari (yashil kartalar) ko‘rib chiqilayotgan immigrantlarga ham tegishli.
Endilikda ushbu toifadagi shaxslarga joriy besh yillik muddat o‘rniga maksimal 18 oy muddatga ishlashga ruxsatnoma beriladi.
Ta’kidlanishicha, bu qoidalarni joriy etilishiga o‘tgan hafta Vashingtonda Milliy gvardiya a’zolariga qilingan hujum sabab bo‘lgani aytilmoqda.
Oq uy rahbari Donald Tramp ushbu hujumni “dahshatli” deb atadi va o‘zidan oldingi Jo Bayden prezidentligi davrida Afg‘onistondan Qo‘shma Shtatlarga kirgan barcha fuqarolar qayta tekshirilishini, shuningdek, “noqonuniy yurgan har qanday xorijlik”ni chiqarib yuborish uchun “barcha zarur choralarni” ko‘rishini aytdi.
G.Sattorova, O‘zA