Chikagoda Milliy gvardiyaning 500 nafarga yaqin harbiy xizmatchisi federal binolarni muhofaza qilish ishlariga jalb etildi. Bu haqda “Associated Press” xabar berdi.
Ma’lumotga ko‘ra, Texas shtatidan kelgan 200 nafar gvardiyachi AQSH Immigratsiya va bojxona xizmati (ICE) binolari hamda boshqa federal muassasalarni qo‘riqlamoqda. Qolgan 300 nafar harbiy 8 oktyabr kuni Illinoys shtatidan kelib, Chikagodan 90 kilometr janubi-g‘arbda joylashgan Elvuddagi harbiy zaxira markaziga joylashgan. Barcha harbiylar 60 kun davomida Shimoliy qo‘mondonlikka bo‘ysunadi.
Milliy gvardiya joylashtirilishi mahalliy darajada siyosiy bahs va sud ishlariga sabab bo‘ldi. Chikagoda ICE binolari oldida immigratsiya siyosatiga qarshi namoyish davom etmoqda. Federal sudya Sara Ellis namoyishchilarga nisbatan kuch ishlatishni cheklash haqida qaror qabul qildi.
Shuningdek, Milliy gvardiyaning kichik bo‘linmasi Memfis shahrida ham faoliyat boshladi. Ular federal agentliklardan iborat “Memphis Safe Task Force” guruhi bilan hamkorlikda ishlamoqda. Tennessi shtati gubernatori Bill Li ma’lum qilishicha, shaharga 150 nafardan ko‘p gvardiyachi yuborilmaydi.
Prezident Donald Tramp demokratik partiya boshqaruvidagi shaharlarga gvardiya kuchlarini yuborishda davom etyapti. Uning ta’kidlashicha, bu shaharlarda jinoyatchilik o‘sishi kuzatilmoqda. Rasmiy statistika esa ayni fikrni har doim ham tasdiqlamaydi.
Hozir apellyatsiya sudi Portlend shahriga gvardiya jo‘natish rejasiga oid ishni ko‘rib chiqyapti. AQSH qonunchiligiga ko‘ra, “Posse Comitatus” akti harbiylar ichki huquqni muhofaza qilish faoliyatida ishtirok etishini cheklaydi. Tramp esa “Insurrection Act” asosida mazkur chora qo‘llanishi ehtimolini bildirgan.
Chikago meri Brendon Jonson bunday qarorni “avtoritar yondashuv” sifatida baholab, “ayni harakat fuqarolarni qo‘rqitish va Konstitutsiyani zaiflashtirishga qaratilgan”, deya ta’kidladi.
D.Hakimov, O‘zA