Avval xabar berganimizdek, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev boshchiligidagi delegatsiya ishtirokida AQSH Kongressida “O‘zbekiston kuni” tadbiri muvaffaqiyatli tashkil etilgan edi.
Tadbirda AQSH Kongressi deputatlari, Davlat departamenti va Mudofaa vazirligi vakillari, siyosatshunoslar, biznes va hamkorlik sohasi bo‘yicha ekspertlar qatnashdi. Ushbu tadbir iqtisodiy, madaniy va xavfsizlik sohalarida O‘zbekiston va AQSH o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlashga qaratildi.
Mazkur tadbir AQSH matbuotida keng yoritildi. Xususan, “Diplomatic Watch” hamda “The Times of Central Asia” kabi nufuzli xalqaro nashrlarda “O‘zbekiston kuni” haqida batafsil reportaj e’lon qilingan.
Matbuotda tadbirning ahamiyati, ikki davlat o‘rtasidagi aloqalarning yangi bosqichi, hamkorlikning salohiyati va AQSH siyosiy doiralarining O‘zbekistonga bo‘lgan ishonchi tobora mustahkamlanib borayotgani alohida qayd etilgan.
“O‘zbekiston kuni” tadbiri O‘zbekiston va AQSH o‘rtasidagi ko‘p qirrali aloqalarni mustahkamlab, diplomatik, siyosiy, iqtisodiy va madaniy sohalarda sheriklikni yanada chuqurlashtirishga xizmat qilishi ta’kidlangan.
Bugungi kunda O‘zbekiston nafaqat Markaziy Osiyoning, balki global maydonning ishonchli platformasi va hamkori sifatida e’tirof etilgan.
N.Abduraimova, O‘zA