French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
AQSH – Markaziy Osiyo munosabatlari jadal rivojlanmoqda
21:54 / 2025-11-06

C5 atamasi bilan tanilgan Markaziy Osiyoning besh mamlakati – Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekiston rahbarlari C5+1 formatining 10 yilligini nishonlash uchun Vashingtonda Prezident Donald Tramp bilan uchrashadi. 2015 yil tashkil etilgan mazkur tuzilma bu ikki tomon aloqalari uchun asosiy platforma hisoblanadi.

So‘nggi o‘n yillikda Vashingtonning C5+1 aloqalariga odatiy yondashuvi o‘laroq, Davlat kotibi Nyu-Yorkda bo‘lib o‘tgan BMT Bosh Assambleyasi doirasida Markaziy Osiyodan borgan hamkasblari bilan uchrashdi. Ba’zi istisnolar 2023 yil Prezident Jo Bayden xuddi shunday qo‘shma uchrashuvga mezbonlik qilganda va 2020-2021 yillarda pandemiya tufayli muloqot virtual shaklda o‘tkazilganda yuz berdi. O‘ninchi yilligini Vashingtonda davlat rahbarlari sammiti ko‘rinishida nishonlash mintaqaning o‘sib borayotgan ahamiyati tuzilma dolzarbligi tan olinishining munosib ko‘rinishi. Kuzatuvchilar Tramp ma’muriyati bu yilgi sammitda iqtisodiy munosabatlarni chuqurlashtirish, savdoni kengaytirish, energetika sohasidagi hamkorlik va noyob yer minerallari ta’minoti zanjirini mustahkamlash, xavfsizlikni ta’minlashga e’tibor qaratishini kutmoqda.

Qo‘shma Shtatlar mintaqamizdagi ishtirokini kengaytirish uchun imkoniyat yetarli. Prezident Tramp bu galgi uchrashuvga sezilarli diplomatik turtki beradi. Yaqinda u Armaniston va Ozarbayjon rahbarlari o‘rtasida Janubiy Kavkazda tinchlik o‘rnatishi mumkin bo‘lgan muhim sammitga mezbonlik qildi – bu ko‘p yildan beri Moskvaning an’anaviy ta’sir doirasi bir bo‘lagi hisoblangan mintaqada muhim yutuq. Qo‘shma Shtatlar Yevrosiyo davlati bo‘lmasa-da, 8 avgust kuni ushbu uchrashuvga mezbonlik qilish orqali mintaqadagi o‘rnini yana bir bor ko‘rsatib qo‘ydi. Diplomatiya, iqtisodiy hamkorlik va strategik qarashlarni to‘g‘ri muvofiqlashtirish orqali Vashington tez orada haqiqiy Yevrosiyo kuchiga aylanishi mumkin.

Markaziy Osiyo nega Qo‘shma Shtatlar uchun muhim?

Qo‘shma Shtatlar Markaziy Osiyo bilan hamkorlik qilishi mantiqan to‘g‘ri. Mintaqa tabiiy resurslar, jumladan Tramp ma’muriyati ustuvor ahamiyat beradigan neft, tabiiy gaz va noyob yer metallariga boy. Shuningdek, Yevrosiyo qit’asidagi eng muhim tranzit chiziqlaridan birida joylashgan bo‘lib, bu yo‘llarning aksari Ipak yo‘li davridan buyon muhim ahamiyat kasb etadi.

AQSH maqsadiga qanday erishadi?

Markaziy Osiyoning ahamiyati kelgusi yillarda faqat oshadi. Yevrosiyo chorrahasida joylashgani, boy tabiiy resurslar mintaqamizni buyuk davlatlar raqobati uchun asosiy maydonga aylantiradi. Amerikaning global manfaatni ilgari surish niyati mintaqani e’tiborsiz qoldirmaydi. Shuning uchun AQSH o‘z mavqeini rivojlantirishi va Markaziy Osiyodagi aloqalarni mustahkamlashda davom etishi kerak. Quyida ushbu maqsadga erishish uchun zarur bo‘ladigan qator omillar keltirilgan.

Amerikaning mintaqadagi siyosiy ishtirokini oshirish. AQSHning amaldagi prezidentlaridan hech biri C5 mamlakatlariga kelmagan va hatto, Vazirlar Mahkamasi darajasidagi tashriflar ham kamdan-kam hollarda yuz bergan. Davlat kotiblari Jon Kerri, Mayk Pompeo va Entoni Blinken Markaziy Osiyoda faqat bir martadanbo‘lgan. 2006 yil Donald Ramsfeld mintaqaga kelgan oxirgi mudofaa vaziridir.

Kelgusi oylarda yangi Markaziy Osiyo strategiyasi nashr qilinadi. Oq uy mintaqani Janubiy Kavkazdagi yangi tranzit yo‘llari bilan yanada samarali bog‘laydigan mazkur hujjatni ishlab chiqishi kerak. AQSH besh yil oldin avvalgi strategiya chop etilgandan keyin Markaziy Osiyoda sodir bo‘lgan geosiyosiy o‘zgarishlarni hisobga olgan holda, yangi yondashuvni belgilashi lozim. Ushbu yangi strategiya transport aloqalarini rivojlantirish, Janubiy Kavkazdagi so‘nggi transport va energetika tashabbuslari (Janubiy gaz yo‘lagi, Ganja yo‘lagi va Xalqaro tinchlik va farovonlik uchun Tramp yo‘nalishi)ga asoslanishi kutilyapti. Shuningdek, siyosatchilar mazkur tashabbuslarni Markaziy Osiyo bilan qanday qilib samarali bog‘lash mumkinligini ham ko‘rsatishi kerak.

Mintaqa mamlakatlari O‘rta yo‘lakdan foydalanishini rag‘batlantirish. So‘nggi yillarda O‘rta yo‘lak bo‘ylab konteyner tashish tez sur’at bilan o‘sdi. 2022 yil bu ko‘rsatkich 2021 yilga nisbatan taxminan 33 foiz oshdi. Bu Rossiyadan tashqaridagi tranzit yo‘nalishlariga talab o‘sganini anglatadi.

2024 yilga kelib, hukumatlar va kompaniyalar logistikani Kaspiy yo‘lagiga yo‘naltirishda davom etgani sababli, hajm ikki barobar ko‘paydi.

Ozarbayjon hisobiga formatni C5+2 shakliga keltirish. Qo‘shma Shtatlar Markaziy Osiyo bilan muvaffaqiyatli hamkorlik qilishi uchun Bokuning ko‘magiga muhtoj. Iqtisodiy, tarixiy va logistik sabablarga ko‘ra, Ozarbayjon, garchi Markaziy Osiyo mamlakati bo‘lmasa-da, transatlantik hamjamiyat uchun mintaqaga kirish eshigi hisoblanadi. Marhum amerikalik davlat arbobi Zbignev Bjezinskiy aytganidek, Ozarbayjon “Kaspiy dengizi havzasi va Markaziy Osiyo boyliklarini o‘z ichiga olgan shishadagi tiqin”dir. Agar Qo‘shma Shtatlar bu tashabbuslar muvaffaqiyatli amalga oshishini istasa, Ozarbayjonni davraga qo‘shishi lozim.

Resurs qazib olishda AQSH – Markaziy Osiyo hamkorligini yaratish. Yil boshida Tramp ma’muriyati Ukraina bilan resurs qazib olish to‘g‘risida bitim imzoladi. Bu Qozog‘iston va O‘zbekistondan boshlab Markaziy Osiyoning barcha mamlakatlari bilan yangi kelishuvlar uchun namunadir. Mintaqamizda noyob yer metallarining ulkan zaxirasi mavjud va dunyodagi uranning taxminan yarmi ishlab chiqariladi. Afsuski, bu imkoniyatdan to‘liq foydalanish uchun kapital va texnologiya yetishmaydi. Qo‘shma Shtatlar ushbu minerallarni shaffof va tijoriy jihatdan foydali tarzda o‘rganish, ishlab chiqarish va qazib olishda yordam berishi kerak.

Markaziy Osiyo bilan iqtisodiy va savdo aloqalarini chuqurlashtirish. Prezident Tramp ikkinchi muddati davomida bu borada sezilarli yutuqlarga erishdi. Joriy yil boshida Qo‘shma Shtatlar Qozog‘iston va O‘zbekiston bilan yirik tijorat shartnomalarini tuzdi. Keyingi o‘n yillikda Qozog‘iston temir yo‘l tarmog‘i uchun Amerikada ishlab chiqarilgan lokomotivlarga 4 milliard dollar sarflaydi. O‘zbekiston milliy aviakompaniyasi uchun Boeing samolyotlariga milliardlab dollar sarflaydi. Mazkur yirik biznes shartnomalari Prezident Tramp qo‘llab-quvvatlaydigan tranzaksiya diplomatiyasining namunasi sifatida mintaqa va Qo‘shma Shtatlar o‘rtasidagi yaqin aloqalarni yanada mustahkamlaydi. Ma’muriyat bunday shartnomalarni ko‘proq izlashi kerak.

Afg‘oniston, xususan Bagram aerodromi muhokamasiga kelsak, Markaziy Osiyo davlatlari Tolibon bilan ikkilanmasdan, ammo pragmatik munosabatni saqlab kelayotgani, yaxshi qo‘shnichilik asosida, ammo amalda rasman diplomatik tan olmasdan aloqa o‘rnatganiga guvoh bo‘lamiz. Bu borada ayniqsa Tojikiston ikkilanmoqda, chunki Tolibonga qarshi eng nufuzli qurolli guruh – Milliy qarshilik fronti asosan etnik tojiklardan iborat. Yana bir diqqatga sazovor voqea Trampning Afg‘onistondagi Bagram aerodromida AQSH harbiy mavqeini qayta tiklash haqidagi ochiq bayonoti bo‘ldi. Yevrosiyo markazida joylashgan bu manzil Markaziy va Janubiy Osiyo, G‘arbiy Xitoy va hatto Yaqin Sharqning ayrim qismlarini boshqarish imkonini beradi. Afg‘onistondan qo‘shin halokatli olib chiqilishi payti Amerika ham bazani tark etishi jiddiy xato edi. Prezident Tramp AQSH qo‘shinini Bagramga qaytarish yo‘lini topadimi yoki yo‘qmi, buni vaqt ko‘rsatadi. Agar u chinakamiga qaytmoqchi bo‘lsa, Markaziy Osiyo rahbarlarining parda ortidagi qo‘llab-quvvatlashini ta’minlashi kerak.

Zarur bo‘lsa, C5+1 formatidan tashqarida ikki tomonlama muzokaralar olib borilishi kerak. C5+1 formati Vashingtonning mintaqadagi asosiy bo‘g‘ini bo‘lib qolishi kerak esa-da, ma’muriyat Markaziy Osiyoning asosiy mamlakatlari bilan ikki tomonlama munosabatni boshqa yo‘llar bilan mustahkamlashdan tortinmasligi kerak. Davlat kotibi Pompeoning 2020 yil fevral oyidagi Qozog‘iston va O‘zbekistonga tashrifidan oldin, Davlat kotiblari odatda Markaziy Osiyoning barcha besh mamlakatiga bir yo‘la safar uyushtirgan. Bu esa ko‘p vaqt va muvofiqlashtirishni talab qilgan. Kelajakda Qo‘shma Shtatlar pragmatizm namoyish qilishi va Amerika manfaatiga eng yaqin mamlakatlar bilan hamkorlikka ustuvor ahamiyat berishi kerak. Bu Qozog‘iston va O‘zbekistonni Qo‘shma Shtatlar bilan hamkorlikka eng yaxshi tayyorlangan C5 mamlakatlari sifatida yetakchi mavqega ko‘taradi.

Turkmaniston va Ozarbayjon o‘rtasida Transkaspiy gaz quvurini qurishga undash. Klinton ma’muriyati 1990-yillarda Boku – Tbilisi – Jayxun neft quvurini diplomatik va siyosiy qo‘llab-quvvatlaganidek, Tramp ma’muriyati o‘z yangi diplomatik sur’atidan foydalanib, Turkmanistonning ulkan gaz resurslarini Yevropa bozoriga ulashi mumkin bo‘lgan Transkaspiy gaz quvuri qurilishini osonlashtirish uchun Ozarbayjon va Turkmaniston bilan hamkorlik qilishi kerak. Bunga Kaspiy dengizidagi Turkmaniston va Ozarbayjon gaz konlarini bog‘laydigan o‘zaro bog‘lovchi quvur tizimini yaratish orqali tezroq erishish mumkin.

Xulosa

Markaziy Osiyo strategik jihatdan qulay joylashgan, resurslarga boy va G‘arb bilan aloqalar uchun tobora ochiq. Rossiyaning ta’siri pasayib, Xitoyning maqsadlari kuchayib, mintaqaviy hukumatlar yangi sheriklar izlab turgan bir payt Qo‘shma Shtatlar o‘zini ishonchli, uzoq muddatli hamkor sifatida qayta tasdiqlashi uchun noyob imkoniyatga ega. C5+1 sammiti buning uchun ideal platforma yaratadi – kelgusi o‘n yillik uchun AQSH – Markaziy Osiyo munosabatlarini strategik asosda mustahkamlaydi.

O‘zA muxbiri Muharrama Pirmatova tayyorladi.