So‘nggi yillarda muhim minerallar AQSH – Markaziy Osiyo munosabatlarida muhim yo‘nalishga aylandi. 2024 yil fevral oyida Qo‘shma Shtatlar geologiya-qidiruv sohasidagi hamkorlikni mustahkamlash, konchilik va qayta ishlash sanoatiga investitsiya jalb qilish va Markaziy Osiyo minerallarini AQSH bozoriga olib kirish uchun C5+1 muhim minerallar muloqotini boshladi. O‘sha yili Qozog‘iston va O‘zbekiston AQSH boshchiligidagi Mineral resurslar xavfsizligi bo‘yicha hamkorlik forumiga qo‘shildi va Xitoyga kamroq bog‘liq bo‘lgan yanada bardoshli ta’minot zanjirini yaratishga va’da berdi. Hozircha bu boradagi sa’y-harakatlar amaliy emas, balki muloqot bosqichida.
Ma’lumki, Markaziy Osiyo AQSH iqtisodiyoti va milliy xavfsizligi uchun muhim hisoblangan ulkan mineral zaxira, jumladan uran, xromit, mis, titan, oltin va surma konlari, shuningdek noyob yer unsurlari va boshqa strategik metallarga boy o‘zlashtirilgan konlarga ega. Mintaqamizning iqtisodiyoti eng yirik ikki mamlakatida ham ustuvor soha sifatida tan olinadigan konchilik Qozog‘istonda yalpi ichki mahsulotning taxminan 17 foizini, O‘zbekistonda esa 8 foizini tashkil etadi. Ya’ni, davlatlarimiz chuqur qazib olish sohasida boy tajribaga, sanoatni rivojlantirishga ko‘maklashadigan mavjud ijtimoiy litsenziyalarga ega.
O‘zbekistonning “Boeing” bilan samolyotlar uchun 8,5 milliard dollarlik shartnomasi va Qozog‘istonning “Wabtec” bilan lokomotivlar uchun 4,2 milliard dollarlik shartnomasi kabi so‘nggi tijoriy bitimlar AQSH va Markaziy Osiyo iqtisodiy aloqalari o‘sib borayotganini yaqqol ko‘rsatadi.
Ushbu natijalarga qaramay, konchilik sohasida hali foydalanilmagan imkoniyatlar juda ko‘p. Hozir Xitoy va Rossiya kapitali mintaqaning konchilik, qayta ishlash va logistika tarmog‘ida ustunlik qiladi. Shu bilan birga g‘arbga tomon transport yo‘llari rivojlanmagani, surunkali energiya tanqisligi kabi salbiy omillar G‘arb investitsiyasiga to‘sqinlik qilishda davom etyapti. Shu nuqtai nazardan C5+1 sammiti Vashington yo‘nalishidagi diplomatiyani aniq sarmoyaga aylantirish, Markaziy Osiyoning o‘zgaruvchan mineral ishlab chiqarish landshaftida Qo‘shma Shtatlarni raqobatchilari o‘rnida yangi, ishonchli sherik sifatida ko‘rish uchun strategik imkoniyat yaratadi. Zero, Markaziy Osiyoda Qo‘shma Shtatlar muhim deb hisoblaydigan muhim mineral zaxiralari mavjud.
Muharrama Pirmatova, O‘zA