TASS agentligining yozishicha, Qo‘shma Shtatlar Markaziy Osiyoning beshta respublikasini Rossiyaga nisbatan Amerika qo‘llagan sanksiyalarga amal qilish bo‘yicha qanday qadamlar tashlash kerakligi haqida xabardor qilgan. Bu haqda chorshanba kuni AQSH Kongressi Senatining tashqi ishlar bo‘yicha qo‘mita majlisida Amerikaning sanksiyalar siyosati muvofiqlashtiruvchisi Jeyms O'Brayen ma’lumot bergani aytilmoqda.
Uning eslatishicha, AQSH davlat kotibi Entoni Blinken o‘tgan hafta Nyu-Yorkda bo‘lib o‘tgan BMT Bosh Assambleyasining 77-sessiyasi doirasida Markaziy Osiyo mamlakatlari (Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkmaniston, Tojikiston va O‘zbekiston) tashqi ishlar vazirligi rahbarlari bilan uchrashuv o‘tkazgan. "Biz sanksiyalarimizga qanday amal qilish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdik. Xavotirimizga sabab bo‘layotgan aniq voqealarni bayon qildik. Ular aynan nima qilishi mumkinligi bo‘yicha kelgusida ham muloqotlarimiz davom etadi", – dedi Davlat departamenti tuzilmasida xizmat qilayotgan diplomat O'Brayen.
"Moskva bilan avval yo‘lga qo‘yilgan munosabatlarning muqobiliga ega bo‘lishdan ushbu mamlakatlarning barchasi xursand bo‘ladi", – deya ta’kidlagan amerikalik diplomat.
"Biz ushbu yo‘nalishda ishni davom ettiramiz", –degan u. "Biz ushbu mamlakatlar bilan ularga boshqa variantlarni taqdim etish uchun ishlayapmiz, bular mahsulotlarini jahon bozoriga chiqarish uchun Rossiya hududidan boshqa muqobil yo‘nalishlarga ega bo‘lishdan tortib naqd mablag‘lar bilan jalb qilinadigan investitsiyalarni ishlab chiqish masalasiga", – deya qo‘shimcha qilgan O'Brayen.