Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
AQSH kongressida Oʻzbekiston boʻyicha brifing boʻlib oʻtdi
13:33 / 2020-03-14

AQSH Senati binosida mamlakatimizning Vashington shahridagi elchixonasi tashabbusi bilan Nebraska shtatidan kongressmen etib saylangan Jeff Fortenberri idorasi bilan hamkorlikda brifing tashkil etildi.


AQSH Senati binosida mamlakatimizning Vashington shahridagi elchixonasi tashabbusi bilan Nebraska shtatidan kongressmen etib saylangan Jeff Fortenberri idorasi bilan hamkorlikda brifing tashkil etildi. 

Bu haqda Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati xabar bergan.

Tadbirda Nebraska shtatining AQSH kongressidagi vakillari, jumladan senatorlar Deb Fisher va Ben Sass, kongressmenlar Jon Fortenberri, Don Bekon va Adrian Smit, shuningdek Qonunchilik palatasining 100 dan ziyod nufuzli vakillari, olimlar stafferlar ishtirok etdi. 
Uchrashuv qatnashchilariga Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar, shuningdek diyorimizning investitsiyaviy va turistik salohiyati haqida maʼlumot, Oʻzbekiston va AQSH oʻrtasidagi koʻp tomonlama hamkorlikning istiqbollari toʻgʻrisida batafsil axborot berildi.

Davlatimiz rahbari tomonidan olib borilayotgan ochiqlik siyosati, mamlakatga investitsiyalarni jalb etish, savdo-iqtisodiy aloqalarni yana-da yaxshilash, turizm sohasidagi, madaniy-gumanitar yoʻnalishdagi qoʻshma loyihalarni ilgari surishga alohida eʼtibor qaratilishi tufayli respublikamizning qishloq xoʻjaligi mahsulotlari ishlab chiqarish va eksport qilishda katta tajribaga ega boʻlgan Nebraska shtati bilan hamkorlik munosabatlarini kuchaytirish imkoni payda boʻlgani taʼkidlandi.

Oʻzbekiston va Nebraskaning iqtisodiy tuzilmasi bir-biriga juda oʻxshash ekani qayd etildi.
Brifing davomida senator Deb Fisher soʻnggi yillarda Oʻzbekistonda yuz berayotgan ijobiy oʻzgarishlar Kapitoliy yerida ham keng miqyosda maʼqullanayotganini eʼtirof etdi. Senatorning fikricha, respublikamiz va yetakchi kongressmenlar idoralari oʻrtasidagi hamkorlikni oʻzaro manfaatli masalalar boʻyicha ikki tomonlama maslahatlashuvlar orqali yana-da rivojlantirish juda muhim. AQSH mamlakatda davom ettirilayotgan islohotlarni samarali amalga oshirish, jumladan, birinchi navbatda iqtisodiyotni mustahkamlash, kishilar turmush sharoitini yaxshilashda Oʻzbekistonni qoʻllab-quvvatlashga tayyor.

Shuningdek, Fisher xonim Oʻzbekistonning tashqi siyosat bobida tanlagan yoʻlini, xususan mintaqadagi davlatlar bilan yaxshi qoʻshnichilik munosabatlarini rivojlantirish, hamkorlikni mustahkamlash masalasidagi qatʼiy va ijobiy saʼy-harakatlarini ham yuqori baholadi.

AQSH kongressiga Nebraska shtatidan saylangan eng obroʻli senatorlardan biri Ben Sass Oʻzbekiston va AQSH oʻrtasidagi munosabatlar rivojidagi ijobiy surʼatni saqlab qolish juda muhimligini taʼkidladi. “Mamlakatingiz islohotlar bobida juda ilgʻor”, – deya Oʻzbekistondagi oʻzgarishlarni yuqori baholadi u.
Kongressmen Jon Fortenberri esa ikki tomonlama munosabatlarni kengaytirish istiqbollari haqida soʻzlarkan, Oʻzbekistonning yomgʻirlatib sugʻorish boʻyicha texnologiyalarga ixtisoslashgan “Valmont”, “Lindsay”, “Reinke” singari kompaniyalar (Eʼtiborli jihati shundaki, mazkur 3 ta kompaniya aylanma yomgʻirlatib sugʻorish uskunalari ishlab chiqarish va jahon bozoriga yetkazib berish boʻyicha butun dunyodagi miqdorning 93 foizini nazorat qiladi), shuningdek Nebraska chorvadorlar assotsiatsiyasi, baliq mahsulotlari ishlab chiqaruvchilar hamda parrandachilik korxonalari vakillari bilan sherikligini yoʻlga qoʻyishdan manfaatdorligini bildirdi.

Kongressmen Don Bekon bilan mintaqaviy siyosat va xavfsizlik masalalari, jumladan Afgʻonistondagi vaziyatni barqarorlashtirish yuzasidan fikr almashildi. Shuningdek, Oʻzbekiston va Qoʻshma Shtatlar oʻrtasida parlamentlararo hamkorlikni yana-da kengaytirish masalalari muhokama etildi.

“Biz Oʻzbekistonga oshkora minnatdorlik bildirishimiz kerak”, dedi kongressmen, Oʻzbekistoning Afgʻonistonda tinchlik oʻrnatish yoʻlidagi saʼy-harakatlarini eʼtirof etarkan.