Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov AQSHning “Cerberus Frontier” kompaniyasi boshqaruv direktori Mixeil Nibladze boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Dastlab mehmonlarga IT Park tomonidan O‘zbekistondagi raqamlashtirish jarayonlari va AT-fazoda amalga oshirilayotgan yirik loyihalar bo‘yicha taqdimot namoyish etildi. Taqdimotda startap ekotizimi, IT kadrlar tayyorlash tizimi, xalqaro kompaniyalar uchun yaratilgan qulay shart-sharoitlar haqida atroflicha ma’lumot berildi.

Uchrashuv davomida tomonlar mamlakatimizda raqamlashtirish jarayonlarini jadallashtirish, telekommunikatsiya bozorida amalga oshirilayotgan islohotlar, sohaga to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalarni keng jalb etish masalalarini muhokama qildi. Shuningdek, mehmonlar Senior’s Capital Management doirasida “Cerberus Frontier” va “Unitel Group”ning birgalikdagi tajribasi, shu jumladan, Gruziya va Mo‘g‘ulistonda amalga oshirgan loyihalari haqida ma’lumot berdi.
Vazir mamlakatimizda aholi sonining tez sur’atlarda o‘sib borishi, IT va telekom sohalarida yaratilgan imkoniyatlar, soliq imtiyozlari, qulay biznes muhit va infratuzilmaning izchil kengayib borayotgani haqida to‘xtalib o‘tdi. Uchrashuvda infratuzilma almashinuvi, xorijiy investorlar uchun yaratilgan sharoitlar, shuningdek IT Park tomonidan taklif etilayotgan qulayliklar yuzasidan ham fikr almashildi.
Ta’kidlanishicha, muloqot kelgusida qo‘shma loyihalarni rivojlantirish, yangi texnologik yechimlarni joriy etish va iqtisodiyotning raqamli sektorida yangi imkoniyatlar yaratishga xizmat qiladi.
Nigora Rahmonova, O‘zA