Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Qo‘shma Shtatlar tomonidan taqdim etilgan yangi tinchlik rejasi loyihasini qabul qilib oldi, deb yozmoqda “Euronews” nashri. Rasmiy Kiyev bu hujjatni “Amerika tomonining bahosi” deb atab, u diplomatiyani jonlantirishga yordam berishi mumkinligini bildirgan.
Ta’kidlanishicha, Zelenskiy yaqin kunlarda Tramp bilan ushbu diplomatik imkoniyatlar yuzasidan batafsil suhbat o‘tkazishga tayyor.
– Ziddiyatga adolatli yakun yasaydigan yo‘lni ishlab chiqish uchun AQSH bilan konstruktiv ishlaymiz, - deyiladi Kiyev rasmiy bayonotida.
Mazkur rejani AQSH maxfiy tarzda shakllantirgani oydinlashmoqda. Oq uy matbuot kotibi Karolin Leavitt “so‘nggi bir oy ichida maxsus elchi Stiv Vitkoff, Davlat kotibi Marko Rubio Rossiya va Ukraina bilan parallel ravishda muzokaralar olib borgani”ni ma’lum qildi.
Ayrim xalqaro media tuzilmalari reja RFning yillar davomida takrorlab kelayotgan talablariga juda yaqin ekanini iddao qilmoqda. Xususan, Donbasning ayrim hududlaridan ukrain qo‘shinlarini olib chiqish, Kiyev armiyasini keskin qisqartirish va bir qator qurol turlaridan voz kechish kabi shartlar haqida gap ketayotgani taxmin qilinmoqda.
Ayrim manbalarga ko‘ra, hujjat Rossiya yetakchisi Vladimir Putinning ishonchli vakili Kirill Dmitriyev tomonidan ishlab chiqilgan va AQSH tomoniga yetkazilgan.
Zelenskiy esa hujjatning hech bir tafsilotini ochiqlamagan holda, faqat “haqiqiy tinchlikka eltuvchi variantlar” muhokama qilinganini aytdi.
Rejaning yashirincha tayyorlangani va Yevropa Ittifoqi davlatlarining jarayonga jalb qilinmagani esa tanqidlarni kuchaytirdi. Hozircha loyihaning qaysi yo‘nalishda borayotgani noma’lum, biroq Kiyev javobini tayyorlamoqda. Ekspertlar fikricha, mazkur taklif Ukraina uchun tarixiy tanlov bo‘lishi mumkin.
Musulmon Ziyo, O‘zA