O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligida AQSHning Warner Bros.Discovery kinokompaniyasi vakillari bilan zoom platformasi orqali onlayn uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Unda O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vazirining birinchi o‘rinbosari Avazxon Tojixonov hamda Warner Bros.Discovery kinokompaniyasining Global hukumat aloqalari va davlat siyosati bo‘yicha vitse-prezidenti Janet O'Kallagan hamkorlik masalalari yuzasidan muloqot qildi.

Uchrashuvda, Warner Bros.Discovery kinokompaniyasining Jamoat ishlari bo‘yicha vitse-prezidenti Maykl Volbrekst, O‘zbekistonning AQSHdagi elchixonasi vakili, vazirlik markaziy apparati xodimlari hamda Milliy kinematografiyani rivojlantirish markazi direktori Furqat Usmonov ham ishtirok etdi.
Muloqot davomida O‘zbekistonda kino ishlab chiqarish sohasida xalqaro hamkorlik aloqalarining kengayib borishi, xorij kinokompaniyalari faoliyati uchun qulay sarmoyaviy muhit yaratilayotgani ta’kidlandi.

Hamkorlikda filmlar va seriallar yaratish, raqamli platforma yo‘nalishida hamkorlik o‘rnatish hamda istiqboldagi bir qator loyihalar to‘g‘risida atroflicha muhokama qilindi.
Uchrashuv yakunida tomonlar muloqotni davom ettirishga va hamkorlik imkoniyatlarini amaliy bosqichga olib chiqishga kelishib oldi.

Ma’lumki, Warner Bros.Discovery kinokompaniyasi AQSHning eng yirik kinokompaniya va mediakonglomeratlaridan biri bo‘lib, 1923 yilda aka-uka Uornerlar tomonidan tashkil etilgan.
Warner Bros.Discovery kinokompaniyasi dunyoga filmlar, seriallar va telemahsulotlar ishlab chiqarish va namoyish etish bilan tanilgan.
N.Usmonova, O‘zA