AQSH kiber hujumga aloqador ikki eronlik haqidagi ma’lumot uchun 10 million dollar va’da qildi
AQSH Davlat departamentining “Adolat uchun mukofot” dasturi “xorijiy hukumat ko‘rsatmasi bilan va Kompyuter firibgarligi va suiste’mol qilish to‘g‘risidagi qonunni buzgan holda” AQSH infratuzilmasiga kiber hujum uyushtirgan ikki eronlikning shaxsi va joylashuvini aniqlashga yordam beradigan ma’lumot uchun 10 million dollargacha mukofot taklif qildi.
Davlat departamenti ularning Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi razvedka tashkilotiga aloqador “Shahid Shushtari” guruhi agentlari ekanini ta’kidlagan.
Mazkur guruh a’zolari AQSH, Yevropa va Yaqin Sharqdagi yangiliklar, yuk tashish, turizm, energetika, moliya va telekommunikatsiya sohalaridagi muhim infratuzilmaga qarshi muvofiqlashtirilgan kiber hujum hamda josuslik amaliyotini uyushtirgan. Tuzilma o‘z harakati bilan keng ko‘lamli moliyaviy zarar yetkazish, AQSH kompaniyalari va davlat idoralari faoliyatini buzishda ayblanmoqda.
S.Rahimov, O‘zA