Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
AQSH jurnalistlari millatlararo bag‘rikenglik siyosatini yuqori baholadi
20:00 / 2022-09-08

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasida AQSH jurnalistlari delegatsiyasi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Mazkur tadbir “Forbes” jurnali muxbiri Melik Kaylan, Nyu-York shahar Kengashi deputati, jurnalist Ari Kagan, mustaqil jurnalist Isaakson Endi Samuel va “Bukharian Times” gazetasi bosh muharriri Rafael Nektalovlarning mamlakatimizga qilgan tashrifi yakuniga bag‘ishlandi.

Qo‘mita rahbariyati, “O‘zbekiston – AQSH” do‘stlik jamiyati vakillari ishtirok etgan uchrashuvda yurtimizning millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalarini mustahkamlash borasida olib borayotgan ishlari, qo‘mita faoliyati yuzasidan ma’lumot berildi.

Respublikamizda 152 milliy madaniy markaz, O‘zbekistonning xorijiy davlatlar bilan 36 do‘stlik jamiyati muvaffaqiyatli faoliyat yuritayotgani qayd etildi.

bugungi kunda diyorimizda millatlararo totuvlik va bag‘rikenglikni ta’minlash, do‘stlik muhiti va ko‘p millatli oila tuyg‘usini mustahkamlashga qaratilgan ishlar xususida so‘z bordi. Shuningdek, vatandoshlar bilan aloqani mustahkamlash bo‘yicha salmoqli islohotlar amalga oshirilayotgani ta’kidlandi.

[gallery-8709]

“O‘zbekiston – AQSH” do‘stlik jamiyati raisi o‘rinbosari Gulchehra Axunova so‘nggi yillarda ijtimoiy-siyosiy va madaniy-gumanitar sohalarda qator tadbirlar o‘tkazilganiga e’tibor qaratdi. Aytildiki, AQSHdagi vatandoshlarning “AQSH va Kanada Buxoro yahudiylari Kongressi”, “Chikagodagi O‘zbek – Amerika assotsiatsiyasi”, “Atlanta – O‘zbek jamiyati”, “Toshkent – Sietl birodarlashgan shaharlar jamiyati” kabi nodavlat tashkilotlari hozirgi kunda jadal faoliyat olib boryapti.

29 avgust kuni yurtimizga kelgan mehmonlar Toshkent, Samarqand, Buxoro, Qo‘qon kabi zamonaviy va tarixiy shaharlarga borish va yurtimizning diqqatga sazovor joylari bilan tanishish imkoniga ega bo‘ldilar. Ular, shuningdek, davlatimiz mustaqilligining 31 yilligi munosabati bilan tashkil etilgan bayram tadbirida ishtirok etishdi.

Muloqot chog‘ida AQSH jurnalistlari diyorimiz haqidagi o‘z taassurotlari bilan o‘rtoqlashar ekan, so‘nggi yillarda O‘zbekiston va AQSH o‘rtasidagi strategik munosabat izchil rivojlanib borayotganini alohida qayd etishdi.

Mehmonlar millatlararo bag‘rikenglik sohasida olib borilayotgan oqilona siyosatimiz xalqaro miqyosda munosib baholanayotganligini aytib o‘tdi. Mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan Buxoro yahudiylari o‘z urf-odat va diniy marosimlarini emin-erkin ado etishlariga shart-sharoit yaratib berilgani yuqori baholandi.

B.Xudoyberdiyev, N.Haydarov (surat), O‘zA