Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
AQSH jurnalistlari bilan uchrashuv
23:12 / 2022-08-30

Amerika Qo‘shma Shtatlari jurnalistlari delegatsiyasi mamlakatimizda bo‘lib turibdi.

Bugun, 30 avgust kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasida parlament quyi palatasi Spikeri o‘rinbosari Odiljon Tojiyev hamda Xalqaro ishlar va parlamentlararo aloqalar qo‘mitasi raisi Dilorom Fayziyeva yuqori martabali mehmonlarni qabul qildi. 

Muloqot avvalida yurtimizda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahbarligida so‘z va matbuot erkinligini ta’minlash, ommaviy axborot vositalarini xalq bilan muloqotning ishonchli ko‘prigiga aylantirish, media makonga ilg‘or axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish bo‘yicha amalga oshirilgan islohotlar xususida so‘z bordi. 

Ommaviy axborot vositalari xodimlarining demokratik jarayon, fuqarolik jamiyatini barpo etishdagi o‘rni va nufuzini oshirishga qaratilgan izchil harakati natijasida respublikamizda OAV soni 2016 yilga nisbatan qariyb 30 foizga ortib, 1962 taga yetgani qayd etildi. 

Uchrashuvda o‘tgan davrda milliy axborot makonimizda internet nashrlarining soni salkam ikki barobar ko‘payib, 677 taga yetgani ta’kidlandi. Bugun O‘zbekiston media kompaniyalari jahon axborot maydonida munosib o‘rin egallab, global siyosiy-ijtimoiy jarayonlarda faol ishtirok etishga intilyapti. 

Ochiq va samimiy ruxda kechgan tadbir jurnalistlarga mamlakatimiz parlamenti, xususan, Oliy Majlis Qonunchilik palatasining qonunchilik faoliyati, norma ijodkorligi, qo‘mita va fraksiyalari ish uslubi hamda parlamentarizm sohasidagi yangiliklar haqida ma’lumot berish maydoniga aylandi. 

AQSH jurnalistlari O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan konstitutsiyaviy islohotlar, Konstitutsiyaviy komissiya faoliyati bilan tanishtirildi. Bosh qomusimizni takomillashtirish jarayoni aholi bilan bamaslahat olib borilayotgani, umumxalq muhokamalarida nafaqat yurtdoshlarimiz, balki xorijdagi vatandoshlarimiz ham faol ishtirok etgani aytib o‘tildi. 

Mehmonlar konstitutsiyaviy islohotda aholining faol ishtirok etayotgani, bu esa dunyo miqyosida juda kam uchraydigan holatligi hamda davlatning xalqchil, demokratik va shaffof siyosatining dalili ekanini bir ovozdan ma’qulladi. 

Shuningdek, so‘nggi yillarda O‘zbekiston va Amerika Qo‘shma Shtatlari o‘rtasida konstruktiv aloqa, ikki tomonlama hamkorlik rishtalari sezilarli darajada faollashgani qayd etildi. 

O‘zbekistonning turizm va investitsiya sohasidagi jozibadorligi va salohiyatini AQSH ommaviy axborot vositalari orqali jahon hamjamiyatiga keng namoyon etishga katta qiziqish birdirildi. 

Uchrashuv yakunida bu kabi muloqotlarni muntazam davom ettirishga kelishib olindi. 

B.Xudoyberdiyev,  O‘zA