Prezident Donald Tramp ma’muriyati Janubiy Afrika Respublikasi elchisi Ibrohim Rasulni AQSH uchun "nomaqbul shaxs" deb e’lon qildi. Davlat kotibi Marko Rubio juma kuni ijtimoiy tarmoqda yozishicha, diplomat endi “buyuk yurtda kutib olinmaydi”.
– Ibrohim Rasul Amerikani yomon ko‘radigan irqchi siyosatchi, – degan Rubio. – Muhokama qilinadigan hech qanday masala yo‘qligi uchun u bizga "nomaqbul shaxs" hisoblanadi.
Kotib fikrini "Breitbart" nashridagi maqola bilan izohladi: Rasul Tramp o‘tgan yilgi saylovda “ustunlik instinkti” va “oq qurbonlik”dan “it hushtagi” sifatida foydalanayotganini aytgandi.
"Al-Jazeera" xabariga ko‘ra, shanba kuni ertalab Janubiy Afrika Prezidenti idorasi qarorni "afsuslanarli" baholab bayonot berdi:
– Ma’muriyat barcha tegishli va ta’sirlangan manfaatdor tomonlarni ushbu masalani hal qilishda o‘rnatilgan diplomatik odob-axloq qoidasiga rioya qilishga chaqiradi. JAR Amerika Qo‘shma Shtatlari bilan o‘zaro manfaatli munosabatni davom ettirish an’anasiga sodiq qoladi.
Janubiy Afrika Xalqaro aloqalar va hamkorlik departamenti vakili Krispin Firi "hukumat bu masala bilan diplomatik kanallar orqali shug‘ullanadi" dedi.
Elchi haydalishi ekspertlar tomonidan Tramp ma’muriyatining Falastin huquqini qo‘llab-quvvatlagan va ittifoqchi Isroilni genotsidda ayblab, Xalqaro sudda ish qo‘zg‘atilishiga ko‘maklashgan Janubiy Afrikaga qarshi yo‘naltirilgan sa’y-harakatning davomi sifatida ham baholanmoqda. Hafta boshida "Semafor" nashri tajribali diplomat Ibrohim Rasul Tramp inauguratsiyasidan keyin Davlat departamenti rasmiylari hamda yuqori martabali respublikachilar bilan odatdagidek muntazam uchrashuvlar o‘tkazishdan bosh tortgani haqida xabar bergan edi.
Rasul yanvar oyida Janubiy Afrikaning AQSHdagi elchisi lavozimiga qaytdi. U 2010-2015 yillari Barak Obama davrida ham shu lavozimda ishlagan.
M.Pirmatova, O‘zA