AQSHning Iroqdagi elchisi Alina Romanovskaya shia diniy yetakchisi Oyatulloh Ali As-Sistoniyni Isroildagi 14-kanal e’lon qilgan hujum nishonlari ro‘yxatiga kiritilganini qoralab, musulmon olimini “tinchroq mintaqani targ‘ib qilgani” uchun olqishladi.
Vashington kecha Yaqin Sharqda, xususan, ko‘rsatuv tufayli shia jamoatchiligi g‘azabi kuchayib borayayotgan bir paytda, As-Sistoniy bilan birdamligini bildirdi, deb yozgan “Al-Jazeera”.
– Oyatulloh Sistoniy xalqaro miqyosda taniqli va hurmatli diniy yetakchi, – deb yozgan Romanovskaya xonim ijtimoiy tarmoqda ko‘rsatuvni to‘g‘ridan-to‘g‘ri tilga olmay. – U tinchroq mintaqani targ‘ib qilishda tanqidiy va ta’sirli ovozga ega. Biz Sistoniyga hujum qilish haqidagi har qanday taklifni rad etamiz. Qo‘shma Shtatlar mintaqada tinchlik o‘rnatishga qaratilgan sa’y-harakatni qo‘llab-quvvatlashda davom etmoqda.
Shu hafta 14-kanal Hizbulloh rahbari o‘rinbosari Naim Qosim va XAMAS yetakchisi Yahyo Sinvarning surati yonida boshiga qizil xoch qo‘yilgan As-Sistoniy suratini ko‘rsatdi.
Kelib chiqishi eronlik, shia musulmonlari orasida oliy ma’naviy rahnamolardan biri sanaladigan, Iroqda, Bag‘dod janubidagi Najaf shahrida yashaydigan 94 yoshli olim As-Sistoniy omma oldiga chiqishni ma’qul ko‘rmaydi. Uning oxirgi fotolaridan biri 2021 yil Rim papasi Fransisk bilan uchrashuv chog‘ida olingan.
Binobarin, Oyatulloh tez-tez izdoshlariga muhim voqealar bo‘yicha umumiy siyosiy yo‘l-yo‘riq beradigan bayonotlar berib turadi. Masalan, 2014 yil u iroqliklarni ISHIDdan safarbarlik qabul qilish va o‘z mamlakatini himoya qilishga chaqiruvchi diniy farmon chiqargan edi.
Sentyabr oyi oxirida Livan bombardimon qilina boshlagach, As-Sistoniy idorasi Isroilning “shafqatsiz tajovuz”i va “vahshiy usullari”ni qoraladi.
Hujjat “davom etayotgan vahshiyona tajovuzni to‘xtatish va Livan xalqini halokatli oqibatdan himoya qilish uchun bor imkoniyatni ishga solishga” ham chaqiradi.
Bir necha kun oldin Iroq hukumati As-Sistoniy surati e’lon qilingan dasturni tanqid qilib, voqeani “jirkanch qoidabuzarlik” sifatida baholadi. Ayni harakat mintaqada “xavf va zo‘ravonlik doirasini kengaytirishi” mumkinligidan ogohlantirdi.
Muharrama Pirmatova, O‘zA