Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
AQSH “Islomiy davlat”ga qarshi havo hujumlari uyushtirdi
11:28 / 2025-12-26

Qo‘shma Shtatlar prezidenti Donald Tramp Nigeriyaning shimoli-g‘arbida joylashgan Sokoto shtatida “Islomiy davlat” deb ataluvchi guruhga qarshi havo zarbalari berilganini ma’lum qildi. Uning aytishicha, AQSH harbiylari “bir nechta aniq va mukammal hujumlarni” amalga oshirgan.

Yetakchi bu guruhni “terrorchi” deb atab, ularni asosan begunoh nasroniylarni nishonga olishda aybladi

– AQSH radikal islomiy terrorizmning rivojlanishiga yo‘l qo‘ymaydi, – deya bayonot berdi Tramp.

Nigeriya rasmiylari bu masalaga boshqacha yondashmoqda. O‘lka tashqi ishlar vaziri Yusuf Maitama Tuggar “BBS”ga bergan intervyusida hujumlar AQSH va Nigeriya o‘rtasidagi qo‘shma harbiy amaliyot ekani, u hech qanday din bilan bog‘liq emasligini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, nishonda faqat terrorchi guruhlar bo‘lgan.

AQSHning Afrika mintaqasi bo‘yicha qo‘mondonligi (AFRICOM) ham zarbalar Nigeriya bilan kelishilgan holda amalga oshirilganini tasdiqladi.

Qiziq jihati, Trampning Nigeriyada nasroniylarga qarshi genotsid bo‘layotgani haqidagi da’volari bahsli bo‘lib qolmoqda. Zo‘ravonlikni kuzatuvchi mustaqil tashkilotlar va huquq himoyachilarining ta’kidlashicha, mamlakatda halok bo‘layotganlarning aksariyati musulmonlar bo‘lib, terrorchilar ma’lum bir din vakillarini emas, barcha tinch aholini nishonga olmoqda.

Nigeriya prezidenti Bola Tinubu ham mamlakatda diniy bag‘rikenglik mavjudligini bildirib, xavfsizlik muammolari barcha hudud va e’tiqod vakillariga birdek ta’sir qilayotganini qayd etdi.

Ma’lumki, rasmiy Vashington Nigeriyani “diniy erkinlik jiddiy buzilayotgan davlat” sifatida alohida nazorat ro‘yxatiga kiritgan. Nigeriya hukumati esa xalqaro hamkorlar bilan birgalikda barcha fuqarolar xavfsizligini ta’minlash tarafdori ekanini ta’kidlab keladi.

Musulmon Ziyo, O‘zA