Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
AQSH ishbilarmonlari bilan hamkorlik
16:30 / 2025-11-11

Shu kunlarda Zoyir Mirzayev rahbarligidagi Toshkent viloyati delegatsiyasi amaliy tashrif bilan Amerika Qo‘shma Shtatlarida bo‘lib turibdi. Ta’kidlash lozim, O‘zbekiston – AQSH munosabatlarida o‘zaro hamkorlikning chinakam tarixiy davri boshlandi. 

Prezidentimizning AQSH yetakchisi  Donald Tramp bilan olib borgan oliy darajadagi muzokaralari  ikki davlat o‘rtasidagi strategik sheriklik munosabatlarini yanada rivojlantirish, siyosiy muloqotni chuqurlashtirish va iqtisodiy hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishda muhim imkoniyatlar muhitini yaratib bermoqda. 

Toshkent viloyati delegatsiyasining okeanorti safari ham ana shu imkoniyat va sharoitlardan samarali foydalanish, o‘zaro istiqbolli loyihalarni ro‘yobga chiqarish sari tashlanayotgan amaliy qadamlardir. Zoyir Mirzayev Florida shtatida “Becker & Poliakoff” kompaniyasi vakillari bilan uchrashuv o‘tkazdi. Mazkur kompaniya AQSH bozoriga kirishni yoki kengayishni istagan xalqaro mijozlar, shuningdek, chet elda o‘z faoliyatini kengaytirishni istagan amerikalik ishbilarmon doira vakillari uchun strategik hamkor va huquqiy ko‘makchilik vazifasini bajaradi. 

Kompaniyaning Vashingtondagi Federal lobbi amaliyoti boshqaruvchisi Omar Franko bilan muloqot samimiy va o‘zaro anglash muhitida o‘tdi. Zoyir Mirzayev suhbat chog‘ida hamkor tomonga Toshkent viloyatning ma’muriy-geografik o‘rni, ishbilarmonlik muhiti, biznes rivoji uchun yaratilgan imkoniyat va imtiyozlar, mehnat resurslari, mineral xomashyo zaxiralari,  shuningdek, makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar va iqtisodiy zonalar, bir so‘z bilan aytganda, investitsion jozibadorlik borasida muhim ma’lumotlarni taqdim etdi. 

Qayd etilganidek, so‘nggi yillarda Toshkent viloyati iqtisodiy ko‘rsatkichlar bo‘yicha barqaror o‘sishni namoyon etmoqda va respublikada to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar jalb etish bo‘yicha yetakchi o‘rinlardan birini egallab kelmoqda. Faqat o‘tgan yilning o‘zida viloyat iqtisodiyotiga 5,5 milliard AQSH dollariga yaqin xorijiy investitsiya jalb etildi. Bu esa xalqaro sheriklar tomonidan hududga bo‘lgan ishonch darajasining yuqori ekanini tasdiqlaydi. 

Muloqotda tomonlar o‘zaro manfaatli hamkorlik istiqbollari va mavjud imkoniyatlar yuzasidan fikr almashdi. Shuningdek, Toshkent viloyati delegatsiyasi “Holland & Knight” qonunchilik firmasi vakillari bilan uchrashdi. Ular asosan qishloq xo‘jaligi, aviatsiya, fuqarolik huquqlari, axborot-texnologiyalari, telekommunikatsiyalar va kosmik qonunchilik,  texnologiya va korporativ muvofiqlik tarmoqlarida lobbistik amaliyotlar bilan shug‘ullanadi. 

Ayni paytda firmada 2 ming 174 nafar advokat faoliyat yuritadi. Uning 35 ta vakolatxonasi bo‘lib, ulardan 5 tasi Qo‘shma Shtatlardan tashqarida. Xalqaro reytinglarga ko‘ra, “Holland & Knight” Qo‘shma Shtatlardagi eng yirik yuridik firmalar orasida yuqori o‘rinlarni egallab keladi. 

Zoyir Mirzayev muloqot chog‘ida viloyat delegatsiyasining AQSH safaridan ko‘zlangan maqsad va vazifalar ikki tomonlama manfaatli aloqalarni iqtisodiy sohalarda yanada rivojlantirish ekanini ta’kidladi. Bu borada yetakchi qonunchilik firmasi bilan kelishuv va muzokaralarning amaliy ahamiyatlariga to‘xtaldi. O‘z navbatida, mezbon taraf viloyat delegatsiyasining  AQSHga tashrifini qutlab, faoliyat doirasiga oid masalalarda hamisha hamkorlikka tayyor ekanini bildirdi. 

A.Musayev, O‘zA.