AQSH transport vaziri Shon Daffi ishga chiqmayotgan aviadispetcherlar bo‘shatilishi bilan tahdid qildi. “Fox Business News” telekanaliga bergan intervyusida u “muammo tug‘dirayotgan xodimlar” mamlakatdagi reys kechikishi holatlarining yarmidan ko‘piga sabab bo‘layotganini bildirdi.
– Kimdir sodiq bo‘lmasa, uni ishdan olamiz, – degan mulozim.
Rasmiyning so‘zlariga ko‘ra, havo laynerlari harakatini boshqaruvchi mutaxassislarning atigi 10 foizi ishga chiqmayapti. Afsuski, shu kichik guruh butun mamlakat bo‘ylab parvozlar kechikishiga sababchi bo‘lyapti.
Vazir ish haqi masalasiga ham to‘xtaldi. Prezident Donald Tramp avvalroq hukumat faoliyati to‘xtatilgan payt ishlamagan ayrim xodimlar maoshi saqlanmasligi mumkinligini aytgandi.
– Ishlagan odamga oylik beriladi, ishlamaganga – yo‘q, bizning siyosat shunday, – dedi Daffi.
Ikki haftadan beri davom etayotgan hukumat faoliyatidagi muammo tufayli aeroportlar, davlat muzeylari va harbiy soha xizmatchilari maoshi bilan bog‘liq kamchiliklar yuzaga chiqmoqda.
Oq uydagi siyosiy qarama-qarshilik tufayli byudjet loyihasi Kongressda tasdiqlanmayapti. Shu sababli Federal aviatsiya ma’muriyati (FAA) ayrim aeroportlarda parvozlarni to‘xtatyapti yoki boshqa shtatlardan navbatchi xodimlarni jalb qilmoqda. Masalan, Nyu-Jersidagi Nevark aeroportida reys kechikishi vaqti o‘rtacha 87 daqiqani tashkil etmoqda.
Aviadispetcherlar kasaba uyushmasi prezidenti Nik Deniels esa ayni holat ishchilar tomonidan uyushtirilgan norozilik emas, balki “ruhiy charchoq va moliyaviy bosim” natijasi ekanini ta’kidlamoqda.
Ichki xavfsizlik vaziri Kristi Noem esa aeroportlarda namoyish etilayotgan video murojaatida hukumat yopilishida demokratlarni ayblagani ma’lum:
– Demokratlar federal hukumatni moliyalashtirishdan bosh tortmoqda va bu ko‘plab sohalarda faoliyatni izdan chiqarmoqda.
Musulmon Ziyo, O‘zA