English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
AQSH hozircha Eronga zarba berishdan voz kechdi (+video)
17:41 / 2026-01-16

Eron hokimiyati namoyishchilarni qatl etmasligini ma’lum qildi. AQSH esa, ko‘rinishidan, mamlakatga harbiy zarba berish rejalarini keyinga surib, eronlik amaldorlarga nisbatan sanksiyalar joriy etilganini e’lon qildi, deb xabar berdi Euronews.

Eron rasmiylari mamlakat bo‘ylab mahalliy qamoqxonalarda saqlanayotgan minglab namoyishchilarni qatl qilish niyati yo‘qligini bildirdi. Bu haqda Islom Respublikasi tashqi ishlar vaziri Abbos Aragchi jurnalistlarga bergan intervyusida aytdi.  

Shu bilan birga, tartibsizliklar vaqtida hibsga olingan Erfan Soltaniga oliy jazo tayinlangani haqidagi xabarlarni rad etdi.  

26 yoshli Soltani Tehron yaqinidagi Karaj shahridagi qamoqxonada saqlanmoqda. Sud idoralari bayonotiga ko‘ra, unga “islomiy tuzumga qarshi targ‘ibot olib borish” va “milliy xavfsizlikka tahdid soluvchi harakatlar” aybi qo‘yilgan. Shu bilan birga, bu ayblovlar uchun o‘lim jazosi emas, balki qamoq jazosi ko‘zda tutilgani ta’kidlanadi.

Avvalroq OAVda Soltanini 14 yanvar kuni qatl etish rejalashtirilgani haqida xabarlar tarqalgan edi. Sud organlari Soltani hibsga olinganidan to‘rt kun o‘tib, uning oilasiga Erfanga o‘lim hukmi chiqarilgani va tasdiqlanganini aytgan.  

Manbalarning ta’kidlashicha, Soltanining ishi adolatli sud muhokamasining eng minimal talablariga ham rioya qilinmagan holda ko‘rib chiqilgan. U hibsga olingan paytdan hukm chiqarilguniga qadar o‘z tanloviga ko‘ra advokat yollash va boshqa huquqiy kafolatlardan mahrum etilgan.

Soltanidan tashqari, huquqni himoya qiluvchi tashkilotlar ma’lumotlariga ko‘ra, yana 10 mingdan ortiq namoyishchi hibsda saqlanmoqda. Norozilik namoyishlarining ilk kunlaridanoq ular o‘lim jazosi qo‘llanishidan jiddiy xavotir bildirib, xalqaro hamjamiyatni vaziyatga aralashishga chaqirgan.  

Eronda hukumatga qarshi chiqishlar paytida halok bo‘lganlar soni 2,5 mingdan 15 minggacha yetadi, deyilmoqda. Bu ma’umotlarni Euronews telekanali mamlakat ichkarisidagi manbalarga tayanib keltirgan.  

Donald Tramp, agar o‘lim hukmlari ijro etilsa, “juda qat’iy choralar” ko‘rilishini aytgan va bu bilan harbiy aralashuv ehtimoliga ishora qilgan.  

Chorshanba kuni AQSH prezidenti o‘z ixtiyoridagi ma’lumotlarga tayanib, “Eronda qotilliklar to‘xtagani”ni va mahalliy hokimiyat namoyishchilarni ommaviy ravishda qatl qilish niyatida emasligini bildirdi.

Frans Press agentligi manbalariga ko‘ra, Saudiya Arabistoni, Umon va Qatar hukumati Trampni Tehronga “ikkinchi imkoniyat” berishga va zarba bermaslikka ko‘ndirgan. Ular AQSH prezidentini harbiy aralashuv neft bozorlarini keskin larzaga solishidan ogohlantirgan.  

Shu bilan birga, AQSH hukumati namoyishlarni bostirishda aloqador deb hisoblangan eronlik amaldorlarga nisbatan sanksiyalar joriy etilishini e’lon qildi. Sanksiyalar aktivlarni muzlatish va AQSH kompaniyalariga ro‘yxatga kiritilgan shaxslar bilan biznes yuritishni taqiqlashni o‘z ichiga oladi. Xullas, Eron agar namoyishchilarga nisbatan keskin choralar qayta qo‘llasa, AQSHning harbiy rejasi yana kun tartibiga chiqishi mumkin.  

<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/IG0DSsDIVUo" title="AQSH hozircha Eronga zarba berishdan voz kechdi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>

Hozircha sanksiyalar saqlanib qolmoqda.

Kenja Bekjonov, Ulug‘bek To‘xtayev, O‘zA