AQSH Prezidenti Donald Tramp ma’muriyati Bashar Asad rejimi ag‘darilgandan keyin Suriyada hokimiyat tepasiga kelgan "Hay’at tahrir ash-Shom" guruhidan chet el terror tashkiloti maqomini olib tashladi. Bu haqda Davlat departamenti hujjatiga tayanib, "Arab News" xabar berdi.
Departament rahbari Marko Rubio tomonidan 23 iyunda imzolangan hujjatda qayd etilishicha, ushbu qaror Tramp 1 iyuldan boshlab Suriyaga qarshi sanksiyani bekor qilish to‘g‘risidagi farmonni imzolagandan bir hafta o‘tib "bosh prokuror va moliya vaziri bilan maslahatlashuvdan keyin" qabul qilingan. O‘shanda Amerika yetakchisi guruh maqomini ko‘rib chiqish bo‘yicha ko‘rsatma bergan.
2011 yil tuzilgan "Hay’at tahrir ash-Shom" yoki "Levantni ozod etish tashkiloti" avvaliga "Jabhat an-Nusra" (An-Nusra fronti) deb atalgan va "Al-Qoida" terror tashkilotining yaqin hamkori bo‘lgan. 2016 yil guruh rahbari Abu Muhammad Al-Jo‘loniy terror tashkiloti tamg‘asidan xalos bo‘lish uchun oshkora tarzda "Al-Qoida"dan ajralib chiqib, "Jabhat an-Nusra"ni tarqatib yuborgan va yangi tashkilot tuzgan. Oradan bir yil o‘tib, o‘zi kabi kichik guruhlar bilan birlashgan holda "Hay’at tahrir ash-Shom" nomini olgan.
Tashkilot yetakchilaridan biri — Ahmad Ash-Shara’ (Muhammad Al-Jo‘loniy) ayni payt Suriyaning muvaqqat Prezidenti. Tramp 2025 yil may oyida Yaqin Sharqqa tashrifi davomida u bilan uchrashgan.
M.Pirmatova, O‘zA