AQSH 2003-yil Iroqqa bostirib kirgandan beri endi yana yirik havo kuchlarini Yaqin Sharqqa joylashtirmoqda, deb yozdi “The Wall Street Journal”. Axborotda Amerika F-22 va F-35 qiruvchi samolyotlarini joylashtirish orqali mintaqadagi harbiy qudratini oshirishda davom etayotgani ta’kidlangan.
Ikkinchi aviatashuvchi va qo‘mondonlik-boshqaruv uchoqlari ham mintaqaga yo‘l olmoqda. Nashr ta’kidlashicha, kuchlar bu tarzda to‘planishi Vashingtonga bir necha hafta davomida Eronga qarshi jangovar amaliyot o‘tkazish imkonini beradi.
Ma’lumotga ko‘ra, Trampga Eronning siyosiy va harbiy rahbariyatini yo‘q qilishdan tortib, mamlakat yadroviy va raketa dasturlari bilan bog‘liq aniq nishonlarga nisbatan cheklangan zarbalar yo‘llashgacha bo‘lgan bir necha yo‘nalish taqdim etilgan.
Bundan tashqari “CBS News” tarqatgan xabarda aytilishicha, Prezident Donald Tramp Eronga qarshi shu hafta oxirida zarba berish masalasini ko‘rib chiqmoqda. Binobarin, yakuniy qaror hali qabul qilinmagan.
– Yuqori lavozimli amaldorlar davlat rahbariga harbiylar shanba kuniyoq zarba berishga tayyorligini aytishdi, har qanday harakat vaqti hafta oxirigacha cho‘zilishi mumkin, – deya ta’kidlagan manbalar. – Oq uyda muhokama davom etyapti, chunki ma’muriyat vaziyat keskinlashuvi xavfi va oqibatni baholamoqda.
Oq uy matbuot kotibi Kerolayn Livitt ta’kidlashicha, “Eronga zarba berish uchun juda ko‘p sabab, asos mavjud, ammo prezident uchun asosiy vosita har doim diplomatiya”.
Eron bilan muzokara mavzusiga izoh berarkan, Livitt qo‘shimcha qildi:
– Ba’zi masalalardan juda uzoqmiz. Eronliklar keyingi bir necha hafta ichida bizga ko‘proq tafsilot taqdim etishini kutamiz. Prezident voqealarni kuzatishda davom etadi.
“Reuters” tarqatgan so‘nggi xabarda AQSH Erondan kelishmovchilikni hal qilish bo‘yicha taklif kutayotganiga e’tibor qaratilgan.
– Jenevadagi muzokaradan so‘ng Eron Qo‘shma Shtatlar bilan to‘qnashuvning oldini olishga qaratilgan yozma taklif taqdim etishi kutilyapti, – degan yuqori lavozimli Amerika amaldori agentlikka.
Nashr Yaqin Sharqqa yuborilgan Amerika qo‘shini kamida mart oyi o‘rtalariga qadar mintaqada qolishini ham qo‘shimcha qilgan.
S.Rahimov, O‘zA