Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
AQSH: Gershkovich Rossiyada noqonuniy ushlab turilibdi
09:35 / 2023-04-11

Davlat departamenti endilikda Amerikaning “The Wall Street Journal” gazetasi jurnalisti Yevan Gershkovichni Rossiyada noqonuniy hibsga olingan, deb hisoblaydi. Bu haqda AQSH tashqi siyosiy mahkamasi matbuot xizmati rahbari o‘rinbosari Vedant Patel ma’lum qildi.

“Davlat kotibi Entoni Blinken Gershkovichning Rossiyada noqonuniy ushlab turilgani haqida qaror chiqardi”.  

“Jurnalistika bu jinoyat, degani emas”, deb ta’kidladi Patel.

“AQSH hukumati Gershkovich va uning oilasiga har tomonlama yordam beradi. Uni zudlik bilan ozod qilishga chaqiramiz”.

Shuningdek, Davlat departamenti vakili Rossiyada noqonuniy hibsga olingan Pol Uilanni ham mamlakatga qaytarilishi haqida gapirdi.

Oq uy matbuot kotibi Karin Jan-Per o‘tgan hafta Gershkovichni hibsga olinganini noqonuniy, deb e’tirof etish uchun “Oq uy Milliy xavfsizlik kengashi, turli Davlat departamenti tizimlari, jumladan, AQSH prezidentining garovga olinganlar ishlari bo‘yicha maxsus vakili devoni va boshqa mutassaddi tashkilotlar, hukumat va nohukumat idoralari mas’ullari bilan muayyan shaxsni ozod qilishni ta’minlash bo‘yicha strategiya ishlab chiqilayotganini aytib o‘tgan edi.  

Federal xavfsizlik xizmati jamoatchilik bilan aloqa markazi Gershkovichning “Amerika tomonining ko‘rsatmasiga binoan Rossiya harbiy-sanoat majmuasi korxonalaridan birining faoliyati to‘g‘risida davlat siri bo‘lgan ma’lumotlarni to‘plagan”, deb bayonot bergan edi. Unga nisbatan “josuslik” aybi bilan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan. Uning 30 maygacha hibsda qolishi to‘g‘risida sudning qarori chiqarilgan.  

Avvalroq, rossiyalik OAV jurnalistlari va jamoatchilik vakillari Gershkovichni ozod qilish bo‘yicha ochiq murojaat bilan chiqishgan edi.

Hujjatga Sergey Parxomenko, Aleksandr Plyushev, Janna Nemsova, Mixail Zigar, Galina Timchenko, Tixon Dzyadko, Sergey Smirnov, Tatyana Felgengauer va boshqa taniqli jurnalist va jamoatchilik vakillari imzo chekishgan edi.

AQSH, Kanada, Irlandiya va Buyuk Britaniya fuqarosi bo‘lgan Pol Uilan 2018 yilning 28 dekabr kuni Rossiya Federal xavfsizlik xizmati tomonidan Moskvadagi “Metropol” mehmonxonasida josuslik amaliyoti vaqtida qo‘lga olingan edi. Moskva sudi uning jinoiy ishini ko‘rib chiqib, aybdor, deb topadi va 16 yilga qattiq tartibli koloniyada jazo o‘tashi to‘g‘risida hukm chiqaradi.  

Abror XON, OʻzA